O‘zbekiston yo‘qotgan bebaho boylik. Turon yo‘lbarsi yo‘q qilinganiga 60 yildan oshdi
Tahlil
−
29 iyul
59710Bugun, 29 iyul – Xalqaro yo‘lbarslar kuni. Taxminan bir asr oldin 100 000 yovvoyi yo‘lbars Osiyo bo‘ylab bemalol yashab yurar edi. Bugungi kungacha ularning 96 foizi qirilib ketdi va yovvoyi tabiatda atigi 4500 ga yaqin yo‘lbars qoldi. Ba’zi hisob-kitoblarda esa ularning soni bundan ham kamroqligi aytiladi.
Ko‘pchilik o‘zbekistonliklar yo‘lbarsni Osiyoning olis mamlakatlarida yashaydigan yirtqich hayvon sifatida biladi. Aslida, bundan atigi 100 yil oldin yo‘lbarslar, bo‘lib ham noyob tur sifatida ajralib turadigan Turon yo‘lbarslari O‘zbekiston hududida yashagan. Chor Rossiyasi qurolli kuchlarining yo‘lbarslarni yo‘q qilishga qaratgan harakati, yirtqichlar yashaydigan hududlarning insonlar tomonidan egallab olinishi, terisi uchun ovlanishi oqibatida Turon yo‘lbarslari O‘zbekiston hududida butunlay qirilib ketdi. 2003 yilga kelib Turon yo‘lbarsi dunyo bo‘yicha yo‘q bo‘lib ketgan tur sifatida tan olindi.
Turon yo‘lbarslarining tarqalishi va yashash joyi
Turon yo‘lbarsi Turkiston yo‘lbarsi, Kaspiy yo‘lbarsi nomlari bilan ham ataladi. Markaziy Osiyoning 3 respublikasi – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, bundan tashqari, Afg‘oniston va Kavkaz sarhadlari, Ozarbayjonning subtropik o‘rmonlarida ham uchragan. O‘zbekistonning Toshkent, Chirchiq, Sirdaryo, Farg‘ona va Surxondaryo hududlari Turon yo‘lbarsi yashaydigan joylar edi. 130 yil avval Toshkentning hozirgi Qo‘yliq, Chilonzor va Beshyog‘och hududlariga yaqin to‘qayzorlarda Turon yo‘lbarslarini uchratish mumkin edi.
XX asr boshida muzey kolleksiyalaridan olingan 20 ta yo‘lbars suyagi va to‘qimalari namunalari bilan genetik tadqiqotlar o‘tkazildi. Natijalar Kaspiy va Sibir yo‘lbarslari juda o‘xshashligini, Sibir yo‘lbarsi Kaspiy yo‘lbarsining genetik jihatdan eng yaqin tirik qarindoshi ekanligini ko‘rsatdi. Shundan xulosa kelib chiqdiki, Kaspiy va Sibir yo‘lbarslarining umumiy ajdodi 10 000 yil oldin Sharqiy Xitoydan O‘rta Osiyoga kelgan. Keyinchalik ma’lum bir qismi Rossiyaning Uzoq Sharqida Sibir yo‘lbarslari populyatsiyasini yaratish uchun ko‘chib o‘tgan.
Turon yo‘lbarsining yo‘q qilinishi
Ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo mahalliy aholisi yo‘lbarslar inson hayotiga xavf tug‘dirmaydi deb ishongan. Chunki tabiatan juda ehtiyotkor bo‘lgan Turon yo‘lbarsi odamlar bilan uchrashishdan o‘zini olib qochardi va yashirinishni xush ko‘rardi. Ovchilarning eslashicha, yo‘lbarslar bilan yonma-yon hududda ko‘p yillar yashab ham ularni hech qachon payqamaslik mumkin edi.
XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Markaziy Osiyoni istilo qilgan Chor Rossiyasi qo‘shinlari Turon yo‘lbarsi hayotining so‘nggi chizig‘ini chizib berdi. Rus imperiyasi yirtqichlarni yo‘q qilish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirgan. 1883 yilning 27 fevralida Turkiston harbiy okrugi boshlig‘i Toshkent va Chinoz o‘rtasida yashaydigan yo‘lbarslarni yo‘q qilishga buyruq beradi. O‘shanda ov uchun 12 Turkiston bataloni jalb etiladi. Taniqli tadqiqotchi Boris Golendarning yozishicha, XIX asrning 30 yillarida Bo‘rijarning Beshyog‘ochdan oqib o‘tgan qismida yashaydigan bir juft yo‘lbarsni o‘ldirish uchun o‘sha vaqtdagi beklarbegi 2000 ta odamni jalb etib, katta ov uyushtiradi.
Sovetlar hukmronligi ostidagi O‘rta Osiyoda yo‘lbarslar oxirgi marta 1940 yillar oxiri va 1950 yillar boshlarida qayd etilgan. Gruziyada oxirgi yo‘lbars 1922 yilda Tbilisi yaqinida o‘ldirilgan. Uning somon to‘ldirilgan terisi Gruziya tarixi muzeyida saqlanadi. Yo‘lbarslar Ozarbayjon hududida, Talish tog‘larida va Lenkoran viloyatida 1960 yillarga qadar uchragan. 1950-1966 yillarda bu yerda 10 ga yaqin jonivor o‘ldirilgan. Turli manbalarda keltirilishicha, oxirgi Turon yo‘lbarsi 1970 yilda Turkiyaning janubi-sharqida otib tashlangan.
Turon yo‘lbarslarining o‘ziga xosligi
Turon yo‘lbarslari terisi yorqinligi va eng qalin mo‘ynaga egaligi bilan o‘ziga xos edi. Erkak yo‘lbarslar tanasi uzunligi 2,7–2,9 m va vazni 170–240 kg, urg‘ochilarining uzunligi 2,4–2,6 m va vazni 85–135 kg edi. U Sibir yo‘lbarsi bilan birga eng katta mushuksimonlar turiga kiritilgan. Turon yo‘lbarsining o‘ziga xosligi xarakterida ham aks etgan. U boshqa turlarga nisbatan ayyorligi bilan ajralib turgan.
O‘rta Osiyo aholisi orasida yo‘lbars bilan bog‘liq ko‘plab afsonalar va urf-odatlar tarqalgan. Turon yo‘lbarsining o‘ziga xos mahorat bilan yashirinish, birdan paydo bo‘lib qolish va darrov yo‘qolish qobiliyati sababli unga ilohiy mavjudot, deb qaralgan. Ba’zi manbalarda keltirilishicha, yo‘lbarslar ayrim qabrlarni ziyorat qilgan va xuddi odam ziyoratchilar kabi qabrni uch marta aylanib, imorat ostonasiga tumshug‘ini qo‘ygan, degan qarashlar bor. Xalq orasida yo‘lbars – kuch-qudrat va ishonch ramzini ifodalagan.
Yo‘lbars siymosini gilamlarda va matolarda, shu bilan birga masjidlarning old yuzasi tomonlarida uchratish mumkin. Masalan, Samarqand shahrining Registon maydonidagi Sherdor madrasasida.
Turon yo‘lbarsi O‘zbekistonga qaytarilishi mumkinmi?
Ekojurnalist Nargis Qosimovaning yozishicha, dunyo ekolog va tabiatshunoslari bu turning butkul yo‘qolib ketishi u yashaydigan hududlar ekotizimiga katta salbiy ta’sir o‘tkazayotganini aniqlagan. Ayrim jonivorlar keskin ko‘payib, boshqalarining esa aksincha – sezilarli darajada kamayib ketishi ekomuhit muvozanatini buzmay qolmaydi, albatta. Xuddi shu omil Turon yo‘lbarsining tabiiy populyatsiyasini qayta tiklash uchun turtki bo‘ldi.
Butunjahon Yovvoyi tabiat jamg‘armasi tashabbusi bilan Turon yo‘lbarsi populyatsiyasini tiklash, bu noyob turni asrab-avaylab ko‘paytirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. 2014 yilda mazkur turni tiklash ishlari boshlandi. Buning uchun Qozog‘iston hududi tanlanib, 15 yilga mo‘ljallangan loyiha ishlab chiqildi. Mutaxassislar “yo‘lbars makoni” shu hududda yashovchi aholiga xalal bermasligi, aksincha, odamlarning yaxshiroq yashashlariga ko‘maklashishini ta’kidlashmoqda. Qo‘shni Qozog‘istonga yo‘lbarslarning qaytarilishi O‘zbekistonda ham ushbu bebaho boylikni tiklash imkoniyat yaratishi mumkin.
O‘zbekistonda Turon yo‘lbarsi kabi sirtlon, silovsin, qo‘ng‘ir ayiq, qor barsi (Irbis), Buxoro kiyigi va boshqa bir qancha noyob hayvonlar yo‘q bo‘lib ketish arafasida turibdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston hududida 10 tadan ham kam sirtlon, 350 ga yaqin qo‘ng‘ir ayiq, 200 bosh atrofida jayron qolgan. Afsuski, mahalliy aholi orasida hayvonlarni asrab-avaylashga bo‘lgan xayrixohlik yo‘q. Masalan, Surxondaryo viloyatida bir erkak tomonidan o‘ldirilgan sirtlonning 1 mlrd so‘mga baholanishi ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi. Vaholanki, O‘zbekiston yovvoyi tabiatida yashaydigan har bir hayvon 37 millionlik aholiga va kelajak avlodga birdek tegishli umummilliy boylik.
Tasavvur qilib ko‘ring, agar O‘zbekiston Turon yo‘lbarsini saqlab qolganida, bugun ushbu yirtqich xorijliklarni o‘ziga tortadigan oltin "vizitka"ga aylangan bo‘lardi. Balki, Turon yo‘lbarsi hozirga kelib O‘zbekistonning milliy ramziy hayvoni sifatida e’tirof etilardi (Masalan, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda irbis, Turkiyada ko‘k bo‘ri, AQSHda oqboshli burgut, Rossiyada ayiq).
Yovvoyi hayvonlarning butun xalq himoyasi ostiga olinishigina ularni qirilib ketish xavfidan saqlab qoladi.
LiveBarchasi