Erdo‘g‘an og‘ir va yoqimsiz bo‘lishiga qaramay, Imomo‘g‘luni tabrikladi
Olam
−
24 iyun 2019
6347Avvalroq, Turkiyada Istanbul shahri rahbarligi uchun o‘tkazilgan qayta saylovda yana "Respublika xalq" partiyasi nomzodi Ekrem Imomo‘g‘luning qo‘li baland kelgani haqida xabar bergan edik.
Natijalar hali rasman e’lon qilinganicha yo‘q. Shunga qaramay, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan "Adolat va taraqqiyot" partiyasining asosiy raqibi, "Respublika xalq" partiyasi nomzodi Ekrem Imomo‘g‘luni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi. Erdo‘g‘an Twitter’dagi sahifasida shunday yozadi:
"Istanbul rahbarligi uchun qayta saylov natijalarini Istanbulimiz uchun xayrli bo‘lishini tilayman. Bugun Milliy iroda yana bir bor o‘zini ko‘rsatda. Rasmiy natijalarga ko‘ra, saylovda g‘olib bo‘lgan Ekrem Imomo‘g‘luni tabriklayman!
Bundan avval bo‘lgani kabi bundan keyin ham demkoratiyadan, huquqning ustuvorligidan, mamlakatimizning tinchlik, osoyishtalik va barqarorligidan voz kechmasdan davlat ittifoqining tamoyillari asosida birlik va birdamlikda 2023 yildagi rejalarimizga tomon qadam tashlaymiz.
Shu oy oxirida bo‘lib o‘tadigan G-20 sammiti, Xitoyga tashrif va uning ortidan Janubiy Yevropa va Bolqonlar sammitida qatnashish bilan birga, Turkiya oldida turgan barcha ichki va tashqi masalalarni milliy manfaatlarimiz asosida sinchkovlik bilan hal etishda davom etamiz".
Eslatib o‘tamiz, 31mart kuni bo‘lib o‘tgan saylovda ham "Respublika xalq" partiyasi nomzodi Ekrem Imomo‘g‘lu yuqori ovoz to‘plagandi. Ammo, Erdo‘g‘anchilar partiyasi - "Adolat va taraqqiyot"ning talabi bilan Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini bekor qildi va 23 iyun kuni qayta saylov o‘tkazilishini aytdi.
Ma’lumki, qayta saylovda "Adolat va taraqqiyot" partiyasidan Binali Yildirim, "Respublika xalq" partiyasidan Ekrem Imomo‘g‘lu, "Saodat" partiyasidan Nejdet Ko‘kchinor, "Vatan" partiyasidan Mustafo Ilker Yujel, "Ko‘plik" demokratik partiyasidan Do‘g‘an Tuman kuch sinashdi. Bular orasida eng kuchli raqiblar Imomo‘g‘lu va Yildirim bo‘ldi.
Istanbul rahbarligi uchun saylovda 10 milliln 570 ming 222 kishi ishtirok etdi. 31 ming 186 ta sandiqdan 30 ming 989 tasi ochildi. Rasmiy bo‘lmagan natijalarga ko‘ra, 99,37% foiz sandiqdan 8 million 868 ming 664 ovoz varaqalari olingan. Qayd etilishicha, saylovda jami ovoz beruvchilardan 84,42%i qatnashgan.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, "Respublika xalq" partiyasidan Ekrem Imomo‘g‘lu 4 million 698 ming 782 ta (54,03%), "Adolat va taraqqiyot" partiyasidan Binali Yildirim 3 million 921 ming 201 ta (45,09%) ovoz to‘plagan.
Ta’kidlash lozimki, 2000 yildan buyon "Adolat va taraqqiyot" partiyasi mamlakatda katta shuhratga ega bo‘lgan. Saylovlarda uning doim qo‘li baland kelgan. Biroq, mamlakatdagi siyosiy vaziyat, Suriyada mojarolarga aralashuv, millionlab qochoqlarga eshik ochish va ularni boqish, Amerika bilan olishuvlar va ortidan dollarning oshib ketishi, ortidan kelib chiqqan iqtisodiy tanglik Erdo‘g‘an tizimi va "Adolat va taraqqiyot" partiyasiga ishonchsizlikni keltirib chiqardi. Mamlakatdan narx-navoning suratli ko‘tarilib borishi, pulning qadrsizlanayotgani, kreditlar oshib borayotgani va soliq yuki ortib borayotgani norozilik, mavjud Hukumatga ishonchsizlikni keltirib chiqarmoqda.
31 mart kuni o‘tgan saylovlarda g‘alaba qilgan Ekrem Imomo‘g‘lu to MSK natijalarni bekor qilgunga qadar 18 kun davomida Istanbul meri bo‘lib ishladi. Bu kunlar ichida u o‘quvchilar va talabalar uchun yo‘l haqini 50% ga pasaytirishga erishdi. Kam ta’minlangan oilalarga alohida mablag‘ ajratish borasida amaliy natija ko‘rsatdi. Qolaversa, keksa va boquvchisini yo‘qotganlarga shahar hokimligi nomidan non va suv puli berilishini ta’minladi.
LiveBarchasi