Saida Mirziyoyeva Erdo‘g‘anning qabulida bo‘ldi
Jamiyat
−
15 Oktyabr 3799 2 daqiqa
Bugun, 15 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qabulida bo‘ldi. Bu haqda Turkiya Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezidentlik majmuasida bo‘lib o‘tgan qabul matbuot uchun yopiq tarzda o‘tgan. Qabulda Turkiya Prezidentlik Maxsus ma’muriyati rahbari Hasan Do‘g‘an ham ishtirok etgan.

Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida uchrashuv haqida yozib qoldirdi.
“Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashganimdan xursandman. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning eng ezgu, samimiy tilaklarini yetkazdim”, deb yozdi u.


Shuningdek, Saida Mirziyoyevaning yozishicha, O‘zbekiston va Turkiyani do‘stlik hamda yaqin hamkorlik rishtalari bog‘lab turadi. Muloqot chog‘ida birgalikdagi sa’y-harakatlar natijalari va mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilingan.
“Janob Prezidentga samimiy qabul, O‘zbekistonga qaratilayotgan alohida e’tibor hamda qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman”, deydi Prezident Administratsiyasi rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva Istanbul shahrida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning o‘g‘li Najmiddin Bilol Erdo‘g‘an bilan birgalikda Ibn Xaldun universiteti va “Yenidog‘u” maktabiga borgani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qizi Sumaya Erdo‘g‘an Bayraktar hamda uning turmush o‘rtog‘i Selchuk Bayraktar hamrohligida Turkiyaning “Baykar” kompaniyasi majmuasida bo‘lib, yuqori texnologiyalar, xususan, mudofaa sanoati sohasidagi ilg‘or loyihalari bilan tanishdi.
Live
Barchasi