Farzandini maktabga yubormagan ona jarimaga tortildi
Jamiyat
−
07 yanvar
3203Andijon viloyatida ona o‘z farzandini maktabga yubormasdan uy yumushlarini qildirib kelganligi uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi Andijon viloyat boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida ona o‘z farzandini maktabga yubormasdan uy yumushlarini qildirib kelgani aniqlangan. Ona hudud profilaktika inspektori tomonidan jarimaga tortilgan. Biroq ona ma’muriy jarimani o‘z vaqtida to‘lamagan. Majburiy ijro byuro xodimlari tomonidan berilgan ogohlantirishdan keyin ayol farzandini maktabga yubormaganligi uchun qo‘llanilgan 375 000 so‘m jarimani to‘lagan.
Ma’lumot uchun, qonunchilikka ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik 375 ming so‘mdan 1 mln 875 ming so‘mgacha jarima qo‘llanishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilinishi BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 375 ming so‘mdan 5 mln 625 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Denovda o‘quvchi bolalar sovuqda yupun holda tadbirga jalb qilinganligi haqida xabar berilgandi. Bolalarning sog‘ligi xavf ostiga qo‘yilgani yuzasidan hududning tegishli mansabdor shaxslariga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanishi bildirildi.
Mohimbegim Ma’rufaliyeva
LiveBarchasi