Farzandini hujraga bergan ota-onalarga javobgarlik kuchaytirilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda farzandini noqonuniy hujrada diniy ta’lim olishiga yo‘l qo‘ygan ota-onalar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bu haqda Senat tomonidan ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yana-da mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi. 

Muhokama jarayonida senatorlar keyingi yillarda voyaga yetmagan bolalarni qonunga xilof diniy ta’lim olishga aynan ota-onalarning o‘zi olib borishi holatlari ko‘payib borayotganini ta’kidladi.

“Huquq-tartibot organlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, 2021-2023 yillar mobaynida noqonuniy diniy ta’limotdan saboq berish bilan bog‘liq 2 457 ta ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlangan. Ularning 1 479 tasi  “hujra” sharoitida tashkil etilgan bo‘lib, ularda tahsil olayotganlarning 60 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etgan”, deyiladi Senat saytide e’lon qilingan bayonotda.

Bildirilishicha, so‘nggi 3 yilda diniy ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortilgan voyaga yetmagan shaxslar soni 4 baravarga oshgan. 

“Qolaversa, bunday noqonuniy ta’lim jarayonida bolalarga nisbatan turli og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda. Bolaning erkin harakatlanishini cheklash hamda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan bino va xonalarda saqlash, unga jismoniy azob berish yoki ruhiy bosim o‘tkazish holatlarini, hatto jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘layotganligini bunga yaqqol misollar sifatida keltirib o‘tish mumkin”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda va undan oldingi qonunlarda diniy professional ta’limning huquqiy asoslari qat’iy belgilangan. Xususiy tartibda diniy ta’lim bilan shug‘ullanish qonunga xilof hisoblanadi.

Mazkur qonun bilan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishga jalb qilishga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek ushbu qonunchilik talabiga rioya etmaganligi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shu bilan birga qonunda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning o‘z bolalarini shaxsiy e’tiqodlariga muvofiq diniy va axloqiy jihatdan tarbiyalash huquqi aniq bayon qilinmoqda. Mazkur norma Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 18-moddasida belgilangan qoidalar asosida kiritilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

bola diniy ta'lim ota-ona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing