Farzand ko‘rgan talabalarning masofaviy o‘qishiga sharoit yaratish kerak – Norboyeva

Jamiyat

O‘zbekistonda farzandli bo‘lgan ayollarga masofadan turib o‘qish uchun  sharoit yaratish kerak. Bu haqda bugun, 14 dekar kuni “O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli” mavzusida bo‘lib o‘tgan forumda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva so‘z ochdi.

“Ayollar kuchli deb ko‘p aytamiz, lekin ilmiy daraja olgan ayollarni tahlil qilsak, ularning soni juda ham kam. Falsafa doktori (PhD)  ilmiy darajasiga ega ayollar 25 foizni, fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega ayollar 20 foizni tashkil qiladi. 

Agar maktabni ham tahlil qilsak, qizlar o‘g‘il bolalarga qaraganda yaxshi o‘qiydi. Qizlrimizni natijalari yigitlarnikiga qaraganda kuchliroq, yaxshiroq bo‘ladi. O‘qishga kirishda ham qizlar faol, afsuski, o‘qishni bitirish, ishga kirishda ayollar soni pasayib ketyapti”, deydi Tanzila Norboyeva.  

Senat raisi so‘zida davom etar ekan, xotin-qizlarga qo‘shimcha sharoitlar yaratish, ularning iste’dod va iqtidorlarini yuzaga chiqarish, orzusidagi kasbga yo‘naltirish, ushbu mataxassislik bo‘yicha o‘qishiga sharoit yaratish kelajakda ularning aniq bir kasbning boshini tutishi, ilmiy unvonlar olishiga poydevor bo‘lib xizmat qilishini aytdi. 

Norboyeva O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari bituruvchilari orasida qizlar kamligini alohida urg‘uladi. 

“Karantin bizga masofadan turib ishlash va o‘qish imkoniyatini berdi. Nima uchun OTM tizimida o‘qiyotgan, farzandli bo‘lgan qizlarimizga masofaviy o‘qishni doimiy qilib qo‘ymaymiz? Bundan tashqari, ilmiy ish qilayotgan qizlarimizga zarur sharoitlar yarataylikki, ayol fan doktori bo‘lsin, ayol yangiliklar yaratsin. Aynan ular o‘z ixtirolari bilan dunyodagi eng kuchli ayollar safidan o‘rin olsin. Tarixda dunyoni boshqargan ajdodlarimiz bo‘lgan, hozir ham o‘zbek ayollari yangiliklar qilishi, intilishi zarur.  Bu yo‘nalishda bizning ishlarimiz mutlaqo qoniqarsiz.

Afsuski, bu yo‘nalishdagi ishlar bilan hech kim shug‘ullanmayapti. Biz butun e’tiborimizni yig‘lab murojaat qilganlarga qaratib, boshqa ayollarni e’tibordan chetda qoldiryapmiz”, deydi Tanzila Norboyeva.


Maqola muallifi

Teglar

OTM talaba Tanzila Norboeva

Baholaganlar

417

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing