Farg‘onalik fuqaro 300 ta bank kartasini talon-toroj qildi
3-sahifa
−
09 dekabr 2022
8772Farg‘ona viloyatida yashovchi 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro 300 dan ortiq bank kartalarining boshqaruvini qo‘lga kiritib, ularni talon-toroj qilgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani Ichki ishlar boshqarmasiga 1996 yilda tug‘ilgan fuqaro ariza bilan murojaat qilgan. Uning bildirishicha, bank kartasidagi 8 million 919 ming so‘mga yaqin puli noma’lum sababga ko‘ra yechib olingan.
Tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, murojaatchi Telegram messenjeridagi “Davrbank kredit” soxta botiga kirgan. Botdagi “Davrbank” orqali 20 foizlik onlayn mikrokredit olish imkoni borligi haqidagi yolg‘on ma’lumotlarga ishonib, zararli havolaga bank kartasi ma’lumotlarini kiritgan. Shundan so‘ng jabrlanuvchining pullari yechib olingan. Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni Farg‘ona viloyatida yashovchi fuqaro sodir etgani aniqlangan.
Ayblanuvchi zararli havola yaratib, Telegram kanallariga tarqatgan holda 300 dan ortiq bank kartalarini boshqaruvini qo‘lga kiritib, kartalardagi pullarni talon-toroj qilgan. Pullarning bir qismini onlayn qimor o‘yinlariga va qolgan qismini esa elektron hamyonlarga o‘tkazib o‘zlashtirganligi aniqlangan.
Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.