Farg‘onada o‘qituvchi o‘zini osgani aytildi. Boshqarma buni rad etdi
Jamiyat
−
09 avgust 9159 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatida ayol o‘qituvchi xorijiy til sertifikati yo‘qligi ortidan qilingan qattiq bosim tufayli o‘zini osib o‘ldirgani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Boshqarmaning iddao qilishicha, ushbu mazmunda sizdirilgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘rganish jarayonida Farg‘ona viloyatidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida mazkur holat aniqlanmagan.
Tarqalgan xabarlarda ayolga chet tilidan B2 sertifikati yo‘qligi uchun ishdan bo‘shashi aytilib, unga qattiq bosim bo‘lgani ta’kidlangan.
Bungacha O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan B2 darajadagi til sertifikatiga ega bo‘lmagan xorijiy tillar o‘qituvchilarini ishdan bo‘shatmaslik so‘ralgandi.
Taqdimnomada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 312-son qarorining 9-bandi eslatilgan. Unda davlat ta’lim muassasalari xorijiy tillar o‘qituvchilari uchun xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasi bo‘yicha 2025/2026 o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi belgilangan. Ammo ushbu qarorda mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha ko‘rsatma berilmagan.
Kengash aynan B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan, ayni paytda faoliyat yuritayotgan pedagoglar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni noqonuniy deb hisoblashini qayd etgan.
Shuningdek, kengash vazirlikdan xududiy tashkilotlarga va ish beruvchilarga joriy yilning 11 avgustiga qadar B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy tillar o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish jarayonini to‘xtatish bo‘yicha rasmiy ko‘rsatma berishni, ana shunday xodimlarini ishdan bo‘shayotgan mas’ul xodimlar yoki ish beruvchilarga nisbatan intizomiy chora ko‘rishni, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi 312-son qarorining 9-bandiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlashni hamda xorijiy tillar yo‘nalishida dars berayotgan o‘qituvchilarga nisbatan kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlashni so‘ragan. Kengash buning uchun huquqiy asos yetarli emasligini ta’kidlagan.
Live
Barchasi