Farg‘onada tomorqasida ko‘knori va nasha ekkan shaxs ushlandi (video)
3-sahifa
−
24 may
3472Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tomorqasida 103 tup ko‘knori va 118 tup nasha ekkan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Qora dori 2025” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbiri doirasida Toshkent viloyati Ohangaron shahrida 2 nafar shaxs 500 gramm “opiy” giyohvandlik vositasini 25 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan qo‘lga olingan. Gumonlanuvchilarning tegishli buyumlari ko‘zdan kechirilganda yana 585 gramm “opiy” hamda 360 gramm “gashish” giyohvandlik vositalari topilgan va daliliy ashyo sifatida olib qo‘yilgan.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda 4 nafar shaxs 1 kg “gashish” giyohvandlik vositasini 20 ming AQSH dollarga sotayotgan vaqtida ushlangan.
Xuddi shunday bir nechta holatlar Farg‘ona viloyatida ham aniqlangan. Xususan, Toshloq tumanida o‘tkazilgan tadbirda fuqaro o‘z tomorqasida 103 tup ko‘knori va 118 tup nasha giyohvandlik vositalarini yetishtirayotgani ma’lum bo‘lgan. Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro o‘z xonadonida 170 tup giyohvandlik vositasini yetishtirib kelayotgani aniqlangan.
Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida 60 yoshli fuqaro o‘z yashash xonadonida 47 tup ko‘knori parvarishlayotgani aniqlangandi.
Jaloliddin Rahmonov
LiveBarchasi