Farg‘onada shifokor pora bilan qo‘lga tushdi

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi shifokori 300 AQSH dollari miqdoridagi pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudiga tayanib xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, shifokor Sh.R. 2021 yil avgust oyidan buyon poliklinikaning vrachlik maslahat komissiyasida ishlab kelayotgan bo‘lgan. Uning vazifalari qatoriga esa oilaviy poliklinikalar tomonidan birlamchi nogironlikka tavsiya qilingan bemorlarning hujjatlarini ko‘rib chiqib, kamchiliklari yuzasidan tegishli tavsiyalar berish, nogironlik yuzasidan hisobotlarni tayyorlash va tibbiyot birlashmasiga topshirish, gastroenterologiya sohasida oshqozon-ichak kasalliklarini davolash kabilar kirgan. 

“Shu yilning avgust oyida hamshira S.T. shifokor Sh.R.ning xonasiga fuqaro M.S.ni boshlab kiradi. So‘ng o‘sha yigitni qarindoshi sifatida tanishtirib, singlisi M.J.ga nogironlik guruhi belgilanishida yordam berishni iltimos qiladi. Shunga binoan u fuqaro M.S.ning qo‘lidagi hujjatlar bilan tanishib chiqadi. Qolaversa, yana ba’zi hujjatlarni tayyorlab kelishini aytadi.

Shundan keyin oradan taxminan bir oy vaqt o‘tib, fuqaro M.S. yana shifokor ayolga uchrashadi. Shifokor uning ko‘z oldida shahar tibbiy mehnat ekspert komissiyasi mas’ullari bilan telefon orqali gaplashgan. Ya’ni muqaddam bemorning bitta buyragi olib tashlangani va ayni paytdagi holatiga oid tibbiy xulosa bo‘yicha ular bilan maslahatlashgan. Bemorga bu ishning o‘ziga yarasha xizmati bor ekanini aytib, undan singlisiga nogironlik guruhi belgilanishi uchun 300 AQSH dollari berishini so‘ragan”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, fuqaro Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qo‘qon shahar bo‘limiga shifokorning ta’magirligi sabab murojaat qilgan. 

“Oqibatda Sh.R. 2022 yil 21 sentyabr kuni o‘z xizmat xonasida hamshira orqali fuqaro M.S.dan 300 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Xabarda aytilishicha, shifokorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi uni Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing