Farg‘onada pandemiyaning ikkinchi to‘lqiniga tayyorgarlik boshlandi
Jamiyat
−
11 avgust 2020
9819Farg‘ona viloyatida koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqiniga tayyorgarlik boshlangan. Viloyatda 12 mingdan ortiq zaxira o‘rinlari hozirlab qo‘yilgan. Bu haqda hokimlik Matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, uch oylik dori-darmon zaxirasi uchun 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Viloyat hokimligi tomonidan qariyb uch milliard so‘m mablag‘ evaziga Xitoydan kislorod konsentratorlari va pulsoksimetrlar olib kelingan. Mazkur tibbiy jihozlar zaxira joy uchun tayyorlab qo‘yilgan maskanlarga topshirilgan.
Viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev kuni kecha Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasidagi taqsimlash markazida bu jihozlarning o‘rnatish jarayoni bilan tanishgan.
Hokimning qayd etishicha, yaqin kunlarda “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida kislorod konsentratorlari va pulsoksimetrlar ishlab chiqaradigan yirik korxona ishga tushiriladi. Viloyatdagi barcha shifokorlar va tibbiyot xodimlari bepul pulsoksimetrlar va boshqa kerak tibbiy jihozlar bilan ta’minlanadi.
Viloyatga olib kelingan bir dona kislorod konsentrator narxi barcha xarajatlari bilan 4 milion 200 so‘m, bir dona pulsoksimetr esa 150 ming so‘mga tushgan.
“Xitoydagi ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzilib, tibbiy jihozlarning sifati va narxiga alohida e’tibor berildi. Pandemiyaning ehtimoliy ikkinchi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari doirasida ana shunday tibbiy jihozlar bilan ta’minlash juda muhim. Chunki hozirda pnevmoniya bilan kasallanish holatlari ham ko‘paymoqda. Bunday vaziyatda har bir tibbiyot xodimida qon tarkibidagi kislorod va yurak-qon bosimini o‘lchovchi pulsoksimetr bo‘lishi kerak. Viloyatimizda buning uchun barcha tadbirlar ko‘rilyapti”, deydi hokim Shuhrat G‘aniyevning jiyani – deputat Doniyor G‘aniyev.
Ma’lumot o‘rnida, respublika bo‘ylab koronavirusga chalinish holatlari bo‘yicha eng past ko‘rsatkich Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilmoqda. Ayni vaqtga qadar Farg‘onada koronavirusga chalingan 302 nafar bemor aniqlangan. Ularning 294 nafari yoki 97%i sog‘aygan, 1 kishi vafot etgan.
LiveBarchasi