Farg‘onada xotini va o‘z ukasini o‘ldirib, yoqib yuborgan erkak qamaldi
3-sahifa
−
11 iyul 2023
20423Farg‘ona viloyat So‘x tumanida xotini va o‘z ukasini ishqiy munosabat ustida qo‘lga olib, qasddan o‘ldirgan va javobgarlikdan qochish maqsadida jasadlarni uyiga qo‘shib yoqib yuborgan erkak 15 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Obidov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holat joriy yilning 16 yanvar kuni So‘x tumanida sodir bo‘lgan. O‘sha kuni 66 yoshli R.M. qo‘shni qishloqdan uyiga qaytganda xotini T.T. va 57 yoshdagi ruhiy kasal bo‘lgan o‘z ukasi V.S.ni ishqiy munosabat ustida ko‘rib qolgan. U rashk sabab avvaliga V.S.ning boshi, tanasi va boshqa sohalariga turli jismlar bilan tartibsiz urib, hushsizlantirgan. Bunga guvoh bo‘lib turgan xotini T.T.ga ham yuqoridagi jismlar yordamida qasddan o‘lim holatini keltirib chiqaradigan darajadagi og‘ir jarohatlar yetkazgan.
Ayblanuvchi R.M. qotillik izlarini yo‘qotish uchun uyini elektr tarmog‘idan uzib, o‘t qo‘ygan va xotini hamda ukasi yong‘in oqibatida halok bo‘lgandek ko‘rsatish uchun yuqoridagi holatni sun’iy ravishda sahnalashtirgan. Uning yong‘in ichida qolgan uyda hushsiz yotgan ukasi V.S. va turmush o‘rtog‘i T.T. hodisa joyida vafot etgan.
Mazkur jinoyat ishi 7 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha So‘x tuman sudida videokonferensaloqa ko‘rinishidagi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, erkak Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismining “a”, “v”, “j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Shuningdek, hukmdan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan boshlab, sudlanuvchi va jabrlanuvchining vakili hukm nusxasini olgan kundan e’tiboran 20 sutka ichida shu sud orqali Farg‘ona viloyat sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat berishga yoki protest bildirishga haqli ekani ma’lum qilingan.
LiveBarchasi