Farg‘onada qochoq kuyov olti yilga qamaldi
3-sahifa
−
23 fevral
10855Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tumani sudi tomonidan kuyov bo‘lmish olti yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, K.Shuhratov (taraflarning ismi-familiyasi o‘zgartirilgan) boshqa insonlarni aldab, o‘zganing puli evaziga yashashni kasb qilib olgan firibgarlardan ekan.
Voqea tafsilotiga ko‘ra, farg‘onalik D.Safarova (ism-familiyasi o‘zgartirilgan)televizor ko‘rib o‘tirib “Hop-Shop” TV reklamasini ko‘rib qoladi va onasiga sovg‘a sifatida ushbu reklama kanalidan buyum sotib olmoqchi bo‘lib, yuqoridagi TV kanal raqamiga qo‘ng‘iroq qiladi. Texnika jihoziga buyurtma beradi.
Oradan bir necha kun o‘tib D.Safarovaga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Notanish yigit o‘zini “Hop-Shop” TV kanalida ishlashini, uning buyurtmasi bo‘yicha ayrim masalalarni aniqlab olishi kerakligini aytib suhbat boshlaydi. K.Shuhratov suhbat davomida D.Safarovaning o‘qishni tamomlab ishlayotgani, turmushga chiqmagani, oilasi va boshqa ma’lumotlarni batafsil so‘rab oladi. Shundan so‘ng K.Shuhratov o‘zining g‘araz maqsadini amalga oshirish rejasini tuzadi va bir necha kundan so‘ng Toshkentdan Marg‘ilon shahriga keladi.
D.Safarova uni qidirib kelgan K.Shuhratovni ko‘rgach, go‘yoki bir necha yildan buyon o‘zi kutgan insonni uchratgandek bo‘ladi. Chunki bu yigit unga shirin so‘zlarni topib gapirar, katta va’dalar berar, o‘zining uylanmagani va unga o‘xshagan qizni uzoq vaqtdan buyon qidirib yurganini aytib, qizning boshini aylantiradi. Qiz ham firibgarning tuzog‘iga oson tushadi. “Shirin yolg‘onga” uchadi. Yigitning barcha talablarini unga ishonib, hech shubhalanmay bajaradi. Jumladan, K.Shuhratov unga uylanishi uchun uyini ta’mirlashga deb pul so‘raganda to‘plab yurgan barcha pullarini beradi. Yigit uni deb tayyor ishini tashlab kelganini aytib kelgusida “Toshkent –Marg‘ilon” yo‘nalishida kira qilishini aytib mashina sotib olishga yordam so‘raganda hech ikkilanmay ota-onasidan K.Shuhratovga berish uchun pul so‘raydi. K.Shuhratov barcha talablari D.Safarova tomonidan bajarilayotganini ko‘rib navbatdagi hiylasini boshlaydi.
Firibgar yigit qizda unga berish uchun puli qolmagach, kredit do‘konlaridan va tijorat banklaridan pul hamda turli tovarlar olib berishni “iltimos qiladi. D.Safarova bu talab firibgarning yana bir hiylasi ekanini anglamaydi yoki anglashni xohlamaydi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi.
K.Shuhratovning yuqoridagi xislatlari qizni tamoman “esdan og‘dirgan”. Hatto, firibgarning “to‘ygacha nikoh o‘qitib birga yashab yuraylik”-degan taklifiga es-hushli qiz ko‘nadimi? Yo‘q, albatta, ammo soxta muhabbatdan hech nimani ko‘rmay qolgan D.Safarova muttahamning bu taklifiga ham rozi bo‘ladi. Nikoh o‘qitib o‘z uyidan firibgarga joy beradi. Hiylasini o‘ylaganidan ham “unumli ish berganidan” xursand K.Shuhratov yeb-ichishdan tortib ust-boshigacha bo‘lgan xarajatni D.Safarova va uning yaqinlari zimmasiga ortib qo‘yadi. Har qanday qabihlikning ham oxiri bo‘lganidek, “kuyov”ning xurmacha qiliqlari D.Safarovaning ota-onasi va aka-ukalarini kech bo‘lsa-da hushyor torttirdi. Ular K.Shuhratovdan to‘y qilishni, el-yurtga uylanganini oshkor qilishni so‘ray boshlaydi. Shundan so‘ng K.Shuhratov so‘ngi hiylasini boshlaydi. Farg‘ona shahrida “Visol” to‘yxonasida dabdabali to‘y qilishini, Toshkentdan kazo-kazolar mehmonga kelishini aytib D.Safarova va uning yaqinlarini ishontirib, to‘y kunini belgilaydi. To‘yxona manzili ko‘rsatilgan soxta taklifnomalarni D.Safarovaning yaqinlariga tarqatib, hammani to‘yga taklif etadi.
Firibgar K.Shuhratov kelin va uning yaqinlarini to‘plab ularga qimmatbaho to‘yxonada katta to‘y qilish uchun ancha qarz bo‘lib qolganini, o‘ziga yana biroz yordam kerakligini aytib ularni ishontiradi. Barchaning to‘yona pullarini yig‘ishtirib olib Toshkent viloyatiga qochib ketadi. To‘y kuni to‘yxonaga borgan kelin va uning qarindoshlari qanday ahvolga tushganini aytish shart emas.
Kech bo‘lsa-da esini yig‘ib olgan jabrlanuvchi D.Safarova zudlik bilan K.Shuhratov ustidan huquq-tartibot organlariga shikoyat arizasi bilan murojaat qiladi. Jinoyat kodeksining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borildi. Aniqlanishicha, K.Shuhratov oilali, ikki nafar farzandi bor ekan. Ularga pul topib ishlab kelish uchun ketayotganini aytib Marg‘ilon shahriga kelgan ekan.
Sarvar Xurramov
LiveBarchasi