Farg‘onada qariyb 21 ming dona psixotrop modda saqlagan shaxslar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatida qariyb 21 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini saqlab kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda 1983 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro boshqaruvidagi Spark rusumli avtomashina to‘xtatilgan.

Natijada uning salon qismida 9960 dona “zardeks” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Boshqa holatda esa qo‘shni davlatdan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini kontrabanda qilib, Toshkent shahridagi jinoiy sheriklariga yetkazib berish bilan shug‘ullangan Quvasoy shahrida yashovchi, 30 yoshli shaxs boshqaruvidagi Cobalt mashinasi Namangan viloyatining Pop tumanida joylashgan YPX maskanida to‘xtatilgan.

Qayd etilishicha, avtomashina eshiklarining ichki qismiga 8000 dona “zardeks” va 309 gr “gashish” giyohvandlik vositalari yashirib qo‘yilgani aniqlangan.

Bag‘dod tumanida qayd etilgan holatda esa, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Nexia avtomashinasidan 1691 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olingan.

️Farg‘ona tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 25 yoshli fuqaro o‘zining 1991 yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi vositachiligida 1274 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni xaridorga 56 mln so‘mga sotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish), 246-moddasi (kontrabanda), 273-moddalari (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Zangiota tumanida katta miqdorda psixotrop saqlagan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona psixotrop giyohvandlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing