Farg‘onada direktorni nohaq ishdan olgan MMTB boshlig‘i jazolandi
3-sahifa
−
16 yanvar 3769 2 daqiqa
Avvalroq, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi maktabda o‘qituvchilar tun-u kun navbatchilikda turishga majbur qilinayotgani, buning ortidan tuman hududidagi 37-umumta’lim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lib ishlab kelayotgan X.N. viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining (MMTB) buyrug‘iga asosan vazifasidan ozod etilgani haqida xabar berilgandi. Direktorni nohaq ishdan bo‘shatgani uchun MMTB boshlig‘i jazolandi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga maktab direktorini lavozimidan olish, shuningdek yangi direktorni ishga tayinlash jarayonlarida mehnat qonunchiligi talablarini buzganligi uchun ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, mehnat qonunchiligini buzgan Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan ham ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, pedagog xodimning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilgan Uchtepa tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mansabdor shaxsiga nisbatan to‘plangan ma’muriy ish hujjatlari taalluqligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun sud organlariga yuborilgan.
O‘qituvchilarning navbatchilikka majburlanishi
Joriy yil boshida ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi maktabda o‘qituvchilar tun-u kun navbatchilikda turishga majbur qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinroq holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi va 37-umumta’lim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lib ishlab kelayotgan X.N. tomonidan pedagogik jamoaga ularning lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifa yuklangani – amaldagi tartiblarga zid ravishda navbatchilik qilishlari talab etilgani aniqlangani ma’lum qilindi. Shuningdek, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining 6 yanvardagi buyrug‘iga asosan ushbu maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi X.N. vazifasidan ozod etildi.
Shundan so‘ng o‘qituvchilarni tun-u kun navbatchilikka jalb qilishi topshirig‘ini vazirlikning o‘zi bergani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda ta’lim muassasalariga yuborilgan topshiriq xati ijtimoiy tarmoqlarda tarqladi. Unda 2025 yil 25 dekabrdan 2026 yil 5 yanvarga qadar 24 soatlik uzluksiz navbatchilikni va hududiy shtablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish so‘ralgan. Bu holat bo‘yicha vazirlik rasmiy munosabat bildirmadi. Biroq keyinroq Buvayda tumanidagi 37-sonli umumta’lim maktabi direktorining ishdan chetlatilishi bilan bog‘liq holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganib chiqildi va maktab direktor lavozimiga qayta tiklandi.
Live
Barchasi