Farg‘onada advokatlar 50 ming dollar olayotganda qo‘lga tushdi (video)
3-sahifa
−
18 iyul
8319Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda joylarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda advokatlar pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Farg‘ona shahridagi holatda advokatlik firmalarida ishlovchi 2 nafar advokat o‘zaro til biriktirgan va 2023 yilda sud hukmi bilan 6 yil 8 oy muddatga qamalib, hozirda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumning jinoyat ishini viloyat sudi tomonidan taftish tartibida ko‘rish davomida, unga nisbatan tayinlangan jazoni sud organlaridagi tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jazoga o‘zgartirib berishga uringan. Evaziga ular 50 ming AQSH dollari talab qilgan. Advokatlar pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Toshkent shahridagi holatda esa advokatlik firmasining muqaddam bir necha marotaba sudlangan advokati to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan MCHJning 12 mlrd so‘m miqdoridagi zararning 6 mlrd so‘mini prokuratura va ichki ishlar organlaridagi tanishlari yordamida jabrlanuvchi foydasiga undirib berishga va’da bergan. Evaziga esa 100 ming AQSH dollari talab qilgan. Advokat so‘ralgan pul mablag‘idan 50 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, advokatning mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan hamkasbi va muqaddam prokuratura organlarida ishlagan tanishi ham 50 ming AQSH dollaridan 30 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida ushlangan.
Samarqand shahridagi advokatlik firmasining muqaddam sudlangan advokati Oqdaryo tumanida yashovchi fuqaroning turmush o‘rtog‘i bilan qonuniy nikohini bekor qilishda suddagi tanish-bilishlari orqali yordam berish evaziga 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
“Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Jizzaxda advokatlik byurosi rahbari 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangandi.