Farg‘onada 9-sinf o‘quvchisi inspektorni pichoqladi
3-sahifa
−
10:39 4264 2 daqiqa
Farg‘onada 9-sinf o‘quvchisi Qo‘qon shahar 1-son IIB profilaktika inspektorini pichoqladi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga xabar berdi.
Aniqlanishicha, Qo‘qon shahar, “Sadoqat” MFY, Birlik ko‘chasida yashovchi, 16 yoshli voyaga yetmagan shaxs o‘zining yashash xonadoniga buvisi chaqiruvi asosida borgan Qo‘qon shahar 1-son IIB “Sadoqat” MFY profilaktika inspektori bilan oshxonada o‘zaro janjallashib qolgan. Janjal davomida voyaga yetmagan shaxs profilaktika inspektorining ortiga qarab turganligidan foydalanib, unga tan jarohati yetkazish maqsadida stolda bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan inspektorning ko‘krak qafasining orqa chap tomoniga bir marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.
Qo‘qon tumanlararo bo‘linmasi tomonidan berilgan dastlabki ma’lumotnomada inspektorga dastlabki “ko‘krak qafasi chap yarmi orqa sohasi sanchilgan-kesilgan, plevra bo‘shlig‘iga teshib o‘tgan jarohati, chap tomonlama gemopnevmatorks, tashqi va ichki qon ketish” tashxisi qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “b” bandi bilan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda 17 yoshli o‘smir tanishini pichoqlab o‘ldirgandi. Gumonlanuvchi voyaga yetmagan shaxs protsessual tartibda ushlangan.