Farg‘onada 6 ming migrantni yurtiga qaytarish uchun sharoit yaratiladi

Jamiyat

image

Farg‘ona viloyati Quva tumanida xorijda ishlayotgan 6 ming nafar o‘zbekistonlikni yurtiga qaytarishga imkon beruvchi loyihalar amalga oshiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida o‘tkazgan videoaloqa shaklidagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Quva tumanidagi “Soyguzar” stansiyasini modernizatsiya qilish, 1,5 kilometr elektr tarmog‘i qurish va 2 ta yirik transformator o‘rnatish hisobiga tumandagi sanoat mahsulotlari hajmini qo‘shimcha 100 milliard so‘mga oshirish mumkin.

Shuningdek, 25 million dollar investitsiya hisobiga «Mustaqillik» mahallasidagi 26 gektarda Agrologistika va yoshlar markazini tashkil qilib, 1,5 ming aholini yuqori daromadli ish o‘rni bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Farg‘onani Andijon bilan bog‘laydigan yirik magistral yo‘l Quva tumanidan o‘tgan bo‘lib, bu hududdan kuniga 2-3 mingta avtomobil qatnaydi. Bu yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish uchun katta imkoniyat ekani ta’kidlangan.

Umuman olganda, yangi aniqlangan imkoniyatlar orqali birgina Quvada yil yakuniga qadar qo‘shimcha 150 million dollarlik 10 mingdan ziyod ish o‘rni yaratadigan 160 ta loyihani boshlash uchun sharoitlar mavjudligi ma’lum qilingan.

Bu loyihalar hisobiga xorijdagi 6 ming nafar migrantning O‘zbekistonga qaytib kelishi uchun muhit yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Beshariqni Tojikistonning So‘g‘d viloyati bilan bog‘lovchi ko‘prikdagi ishlar yakuniga yetkazilsa, mazkur tuman qo‘shni respublikaning 500 ming aholisi uchun tranzit hududga aylanishi ta’kidlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

migrant Shavkat Mirziyoev Farg'ona Quva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing