Farg‘onada 21 yoshli yigit o‘zi tayyorlagan pornografik rasmlar orqali “shantaj” qildi
3-sahifa
−
23 aprel 7329 2 daqiqa
Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Buloqboshi mahallasida yashovchi, 2005 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxs tovlamachilik qilayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchi 2026 yil aprel oyida sim karta sotib olib, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida sahifa ochgan. Ushbu sim karta esa, avval boshqa fuqaro nomida bo‘lganligi sababli, unda eski sahifa saqlanib qolgan. sim kartaning yangi egasi saqlanib qolingan shaxsiy va oilaviy suratlardan pornografik holatdagi rasmlarni sun’iy ravishda qayta ishlab, jabrlanuvchining qarindoshlariga jo‘natgan. Hamda ularni ushbu rasmlarni boshqa Telegram kanallarida ham tarqatish bilan qo‘rqitib, tarqatmaslik evaziga pul talab qilgan.
Aytilishicha, ushbu shaxs jabrlanuvchidan turli bank kartalari orqali jami 800 ming so‘mdan ortiq mablag‘ni tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida gumonlanuvchi Andijon shahar hududida ushlangan.
“Ushbu sun’iy rasmlarni o‘zim tayyorladim. Behayo rasmlarni tarqatib yuboraman deb qo‘rqitdim. Bu ishni qilishni istaganlar ushbu yo‘ldan qaytishsin. Oxiri yaxshilik bilan tugamaydi. Ming aldab-aldab qochib yuraman desa ham baribir ushlab topib kelishadi”, degan gumonlanuvchi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Namangan shahar Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) ikkinchi qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Chilonzor tumanida o‘zlarini ayol deb tanishtirib, turli yoshdagi erkaklardan pul talab qilgan guruh aniqlangan edi.
Shahzoda Shukurullayeva
Live
Barchasi