Farg‘onada 145 nafar abituriyent qasddan imtihondan yiqitilgani aniqlandi
3-sahifa
−
28 fevral 2023
14432O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filialida o‘tkazilgan imtihon natijalari o‘zgartirilib, 145 nafar abituriyent asossiz ravishda talabalikka qabul qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.
2022-2023 o‘quv yilida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filialida o‘tkazilgan kasbiy (ijodiy) imtihon natijalari o‘rganilib, 356 nafar (shundan, qo‘shilgan 322, kamaytirilgan 34) abituriyentning haqiqatda to‘plagan ballariga soxta yozuvlar kiritish orqali, yuqori ball to‘plagan abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilmay qolingani aniqlangan.
Jumladan, velosport yo‘nalishida abituriyent D.B.ning haqiqatda to‘plagan 105,2 bali soxtalashtirilgan. Davlat test markazining elektron ma’lumotlar bazasiga pasaytirilgan 67,4 ball kiritilishi oqibatida u talabalikka tavsiya etilmagan.
Viloyat prokuraturasi tomonidan mazkur universitetda o‘tkazilgan kasbiy (ijodiy) imtihon natijalarini qayta ko‘rib chiqish so‘ralgan.
Shunga ko‘ra, har bir abituriyentlarning natijalari qayta ko‘rib chiqilgan va 145 nafari asossiz ravishda talabalikka qabul qilinmasdan qolgani aniqlangan.
O‘rganish natijalari muhokama qilinib, yuqoridagi 145 nafar (3 nafar davlat granti va 142 nafar to‘lov-kontrakt) abituriyentlarni talabalikka tavsiya etish haqida qaror qabul qilingan.
Ushbu qarorga asosan yuqoridagi 145 nafar abituriyentlar talabalikka qabul qilinib, ularning buzilgan huquqlari tiklangan.
Yoshlar huquqlarini buzgan filialning sobiq direktori R.R. va qabul komissiyasi mas’ul kotibi M.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi