Farg‘onada 15 yashar bolaning o‘limiga sababchi bo‘lganlar aybini tan oldi – Ombudsman

Jamiyat

image

18 noyabr kuni Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova Farg‘ona viloyati prokuraturasida 15 yoshli voyaga yetmagan A.R. o‘limida ayblanayotgan va qamoqqa olingan A.E. va K.S. bilan uchrashdi. Bu haqda Ombudsman saytida xabar berildi. 

O‘zaro suhbat davomida qo‘lga olingan A.E. va K.S. ularga qo‘yilgan aybni tan olgan va o‘zlariga nisbatan qiynoq, ruhiy va jismoniy bosim qo‘llanilmaganini va advokatlar bilan ta’minlanganlarini bildirganlar. 

Bolalar Ombudsmani huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari bilan muloqotda bola huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib o‘tgan.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat bo‘yicha Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, Uchko‘prik tumani, “Sulton” MFY, Sulton qishlog‘ida yashagan, 2007 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan R.A. joriy yilning 16 oktyabr kuni Buvayda tumani, Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida joylashgan “Ansor” savdo majmuasida ota-onasining nazoratisiz yurgani va ushbu majmuada o‘g‘irlik qilmoqchi bo‘lganida, IIB xodimlari tomonidan ushlanib, tuman IIB boshlig‘ining shu kungi qarori bilan Qo‘qon shahrida joylashgan viloyat IIB Jamoat xavfsizlik xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limiga joylashtirilgan. 

17 oktyabr kuni voyaga yetmagan R.A. ning sog‘lig‘i yomonlashib, hushidan ketgani sababli shahar Tez-tibbiy yordam xodimlari chaqirilib, unga tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limiga “bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat yeyishi” sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan 18.10.2022 yilda O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Tergov harakatlari davomida, 2 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi marhum R.Abdusattorovni urib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan tan jarohatlari yetkazgani ma’lum bo‘lgan. Shu sababli, jinoyat ishi doirasida ushbu 2 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi qamoqqa olingan

Mazkur holat yuzasidan sobiq IIB markaz tarbiyachisi hamda navbatchilik smenasi inspektor-navbatchisi Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan gumon qilinuvchi sifatida jalb qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Ularga nisbatan "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

446

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing