Farg‘onada 10 nafar hokim jazolandi
Jamiyat
−
13 mart
14382Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov 10 nafar tuman va shahar hokimlarini jazoladi. Bu haqda hokimning tegishli farmoyishi e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, viloyatda qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini eksportga chiqarish ko‘rsatkichlari tahlil qilinganda, 2024 yil yanvar-fevral oylari uchun belgilangan eksport rejalari bajarilishini ta’minlashda ayrim shahar va tuman hokimliklari tomonidan qoloqlikka yo‘l qo‘yilgan.
Jumladan, eksport rejalarini Farg‘ona shahri 65.2 foizga, Quvasoy shahri 62.8 foizga, Qo‘qon shahri 65.4 foizga, Dang‘ara tumani 64.8 foizga, Yozyovon tumani 53.1 foizga, Rishton tumani 50.3 foizga, So‘x tumani 24.5 foizga, Toshloq tumani 43.1 foizga, Farg‘ona tumani 41.3 foizga, O‘zbekiston tumani 71.2 foizga bajargan, xolos.
Shu sababli:
- Farg‘ona shahri hokimi V.Nazarov;
- Quvasoy shahri hokimi Z.To‘raqulov;
- Qo‘qon shahri hokimi M.Usmonov;
- Dang‘ara tumani hokimi Sh.Tojihakimov;
- Yozyovon tumani hokimi D.Jalilov;
- Rishton tumani hokimi B.Xoliqov;
- So‘x tumani hokimi S.Sayidmusayev;
- Toshloq tumani hokimi A.Jo‘raboyev;
- Farg‘ona tumani hokimi X.Inomov;
- O‘zbekiston tumani hokimi Sh.Yuldashevlarga Mehnat kodeksining 312-moddasi 2-bandiga asosan o‘rtacha oylik ish haqining 15 foizi miqdorida jarima qo‘llanildi.
“Viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi shahar va tuman hokimlariga nisbatan qo‘llanilgan jarima miqdorini o‘rnatilgan tartibda oylik ish haqidan undirish choralarini ko‘rib, natijasi yuzasidan viloyat hokimligiga axborot kiritsin. Ushbu farmoyish ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining o‘rinbosari N.Mamajonov zimmasiga yuklansin”, deyiladi farmoyishda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Kogon shahri hokimi Hayot Davlatovga nisbatan ”hayfsan” intizomiy jazo chorasini qo‘llagandi.
LiveBarchasi