Farg‘onada 1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan o‘g‘rincha foydalanganlar ushlandi
3-sahifa
−
27 fevral
5028Farg‘ona viloyatining Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida 1 mlrd 329 mln so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgan noqonuniy maynerlar aniqlandi. Bu xakda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, DXX ning Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Unda Qo‘qon shahrida yashovchi 1973 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z qarindoshining yashash xonadonida 10 ta "Bitmain Antminer" rusumli mayning qurilmalarini elektr ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab, 2021-2024 yillar davomida mayning faoliyati bilan shug‘ullanib, davlatga 638 mln 274 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan.
Shu kabi, Farg‘ona shahrida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan shaxsning xonadonida quvvati 14,85 kilovatt bo‘lgan 11 dona "Antminer" rusumli mayning qurilmalari yashirin ravishda elektr tarmog‘iga ulanib, 320 mln 118 ming so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani aniqlangan.
Bundan tashqari, Farg‘ona shahrida yashovchi 1971 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli xonadon ko‘zdan kechirilganda, quvvati 12,4 kilovatt bo‘lgan 6 dona "Antminer" rusumli mayning qurilmalari elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanib, elektr ta’minoti korxonasiga 293 mln. 284 ming so‘mlik zarar yetkazilgan.
Shuningdek, Farg‘ona shahrida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining onasiga tegishli xonadonda "Antminer" rusumli 3 dona mayning qurilmalaridan foydalanishi oqibatida elektr energiyasi bo‘yicha davlat manfaatlariga 77 mln 585 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan.
“Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda 5 mlrd so‘mdan ko‘proq qiymatdagi elektr energiyasi o‘g‘irlandi.
Javohir Yo‘ldashov
LiveBarchasi