Farg‘onada hokimlik vakilining topshirig‘i bilan 270 tup daraxt noqonuniy ko‘chirildi
3-sahifa
−
03 mart
3695Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi N.M. ning topshirig‘i bilan 270 tup daraxt noqonuniy ko‘chirildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ekologiya vazirligining Ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar “Huvaydo” MFY hududidan oqib o‘tgan “Besholish” soy bo‘yidan 270 tup ko‘p yillik sog‘lom daraxtlar noqonuniy ko‘chirilishi holati bo‘yicha tegishli o‘rganish ishlari o‘tkazilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, ushbu yer maydonida ko‘p yillik qimmatbaho daraxtlar mavjudligiga qaramasdan 2025 yil 22 yanvarda Quvasoy shahar hokimi tomonidan auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqidagi qaror qabul qilingan.
Shuningdek, ushbu yer maydonida ko‘p qavatli turarjoy binolari, yirik universal va ixtisoslashtirilgan savdo do‘konlari, supermarketlar, restoranlar qurish loyihasini amalga oshirish va auksion savdolariga chiqarish maqsadida yer maydoni 2 ta lotga bo‘lingan holda “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan.
Kelishish jarayonida Quvasoy shahar ekologiya bo‘limi tomonidan joriy yil 3 fevralda “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ko‘p yillik daraxtlar mavjud bo‘lgani sababli ushbu yer maydonida loyihani amalga oshirish mumkin emasligi ko‘rsatilgan va rad javobi berilgan.
Shunga qaramasdan, Quvasoy shahar hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi N.M. ning topshirig‘iga asosan 11-14 fevral kunlari shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan maxsus texnikalar yordamida 270 tup (sasna, kashtan, katalpa, Yapon saforasi, tut, aylant) daraxt 16 ta joyga noqonuniy ravishda ko‘chirib o‘tqazilgan va 9 tup daraxt ko‘chirish jarayonida nobud qilingan.
Shuningdek, hokimlik mansabdor shaxslarining noto‘g‘ri qarorlari va noqonuniy topshiriqlari oqibatida ko‘chirilgan daraxtlar kelgusida nobud bo‘lishi xavfi yuqori bo‘lgan yer maydonlariga ekilgan.
Daraxtlarni noqonuniy ko‘chirish oqibatida tabiatga umumiy 1 mlrd 829 mln 437 ming so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan. To‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida sog‘lom chinor daraxtini hech qanday asossiz kesgan va o‘simlik dunyosiga 117 million so‘m zarar yetkazgan fuqarolar qamoqqa olingan edi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

