“Farg‘ona viloyatiga – kitob karvoni” yozuvli avtomashinaga nega kartoshka ortilgandi?
Jamiyat
−
14 noyabr 2019
6687Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Farg‘ona viloyatiga – kitob karvoni” yozuvli avtomashinaning yukxonasiga kartoshka ortilgani aks etgan fotosuratga turli fikrlar bildirilmoqda. Farg‘ona viloyati axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi bu holatga oydinlik kiritdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Boshqarmaning mas’ullari yuk avtomashinasi egasi, asli farg‘onalik bo‘lgan Ma’rufjonni topib, o‘zidan xolis munosabat so‘radi. Uning aytishicha, “kitoblar yilning may oyi oxirida shu mashinada olib kelingan, lekin surat noyabr oyi boshlarida olingan bo‘lishi kerak”. “Nega besh oycha vaqt mashina bortida yozuv qoldirilgan?” degan savolga Ma’rufjon shunday izoh berdi:
– Iyun-oktyabr oylarida mashinamiz buzilganicha noyabrda tuzaldi. Ehtiyot qismlarni to‘plash cho‘zilib ketdi. Katta ro‘zg‘orimizni tebratib turgan mashina tuzalgach, ishga chiqish oldidan Farg‘ona shahar markaziga yaqin joydagi yuk mashinalarini yuvish va tozalash joyiga olib bordim. O‘sha joyga yaqin hududda bir hamkasb tanishimni uchratdim va mendan yordam so‘radi.
Yuki bilan mashinasi buzilgan ekan. Uning iltimosiga ko‘ra, qoplangan kartoshkalarni vaqtinchalikka mening mashinamga yuklab turdik. Buni haydovchilar tilida “perekid” deyishadi. 1-2 soatga, xolos. Shu kuniyoq, tanishim mashinasini ta’mirlab qaytdi, yana kartoshkalar o‘z joyiga qayta yuklandi. Bu orada mashinam avtoturargohdan hech qayoqqa chiqmagan. Qolaversa, u joy bozor hududi ham emas.
Uning aytishicha, o‘sha kunning o‘zida ta’mirdan chiqqan mashinasini yaxshilab tozalatib, yozuvlarni ham olib tashlagan.
– To‘g‘risi, internetdagi surat menga qattiq ta’sir qildi, – deydi Ma’rufjon. – “Kitob karvoni” loyihasida Farg‘onaga yuz mingdan oshiq kitoblarni shu mashinada o‘zim tashiganman. Buni televizorda ko‘rsatishgan. Ana, haligacha internetdayam turibdi ekan. Voqeani bilmay turib, odamda noxolis fikr uyg‘otadigan xabarni tarqatish g‘iybatdan boshqa narsa emas. Buni oqlamayman.
Ma’rufjon so‘zining oxirida birovlar sha’niga noo‘rin gap-so‘zni ko‘paytirishdan ko‘ra, odamlarga yordam berishni o‘ylagan yaxshi, deb qo‘shib qo‘ydi.
LiveBarchasi