Farg‘ona hokimligi munozaralarga sabab bo‘lgan suratga izoh berdi
Jamiyat
−
21 yanvar 2020
8118Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning 18 yanvar kuni So‘x tumanining Cho‘ng‘ara qishlog‘iga borganida olingan surat jiddiy tanqidlarga sabab bo‘lgandi. Gap shundaki, hokimni kutib olish uchun qo‘lida non bilan chiqqan maktab yoshidagi qizning havo sovuq bo‘lishiga qaramay milliy kiyimda bo‘lgan, G‘aniyev va uning ortidagi kattalar issiq kiyimlarida bemalol qarsak chalib olqishlab turishgan.
Farg‘ona viloyati hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan surat bo‘yicha izoh berdi.
Hokimlik axborot xizmatining rasmiy munosabatida G‘aniyevning tashrifi chog‘ida qishloqda qilingan ishlar sanalib, qizcha “atigi 1-2 daqiqaga” hovliga chiqqani aytiladi.
“Hokim katta zali bo‘lgan binoga kiraverishdagi ayvonchaga yetganida to‘satdan zal ichidan suratdagi qiz non ko‘tarib chiqib keldi. Hokim uning ra’yini qaytarmay, nondan totindi va qizni yetaklab zalga kirdi. Shu zahoti cho‘ng‘aralik tashkilotchilarga boshqa bunday qilmaslikni tayinladi. Qizcha zaldan atigi bir, nari borsa ikki daqiqaga ayvonchaga chiqdi xolos”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, hokim hech kimga bunday kutib olish haqida topshiriq bermagan.
“Bunday ehtirom shaklini quvvatlamaymiz. Lekin bizni boshqa narsa tashvishga soladi. Bu qishloqqa avvalo prezidentimiz, viloyat hokimligi shuncha e’tibor qaratyapti. Xalq bundan minnatdor. Ammo bir surat tanqidchilari aslida nega davlat vakili bo‘lgan hokimni cho‘ng‘araliklar non bilan kutib olganlari sababiga to‘xtalmadilar. Aslida bu qishloq ahlining ularga, davlat ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlikka minnatdorchiligi ramzi edi xolos.
Nega har narsadan faqat illat izlashga ko‘nikib qolinyapti?!” deya fikr bildirgan Farg‘ona viloyati hokimi matbuot kotibi.
Yakunda hokimlik “barchaga hayotdan hikmat izlash” tilagini bildirgan.
LiveBarchasi