“Farhod” bozorida sotuvchilar va Milliy gvardiya xodimlari o‘rtasida janjal bo‘ldi (video)
3-sahifa
−
16 may
15463Kecha, 15 may kuni “Farhod” bozorida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va sotuvchilar o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal videosi ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Bunga Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, mazkur holat joriy yilning 15 may kuni soat 11:00 larda “Farhod” dehqon bozori hududida sodir bo‘lgan. Unda bozor ma’muriyati chaqiruviga asosan Milliy gvardiya va profilaktika inspektori yetib kelgan. Ular noqonuniy yerusti savdosi bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar bilan tushuntirish ishlarini olib borgan.
Fuqarolar qatorida qulupnay sotayotgan, ushbu bozorda muntazam janjal chiqarib turadigan fuqaro G.S. va B.M.lar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmagan va faol qarshilik ko‘rsatib, janjal ko‘targan.
Shundan so‘ng, fuqarolar o‘rnatilgan tartibda hududiy profilaktika inspektorining xizmat xonasiga olib borilgan.
“Mazkur holat yuzasidan Milliy gvardiya xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilib, ushbu shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 (Mayda bezorilik) va 194-1 (O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir qilganliklari yuzasidan, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi va qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudiga yuborildi”, deyiladi munosabatda.