Fransiya Bashar Asadga berilgan hibsga olish orderini bekor qildi

Olam

image

Joriy yilning 25 iyul kuni Fransiya Kassatsiya sudi (mamlakatning eng yuqori sud instansiyasi) Suriya sobiq prezidenti Bashar Asadga nisbatan ilgari chiqarilgan hibsga olish orderini bekor qildi. Bu haqda “Lexpress” xabar berdi.

Sud bu qarorni Asadning prezidentlik davrida xalqaro huquq doirasidagi to‘liq diplomatik immunitetga ega bo‘lganligi bilan izohlagan. Bu immunitet hattoki urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlarga ham taalluqli hisoblanadi.

Biroq sudya Kristof Sulyar ta’kidlaganidek, endilikda Bashar Asad davlat rahbari emas va shu sababli unga qarshi ochilgan jinoyat ishi davom ettiriladi. Shu doirada yangi hibsga olish orderlari chiqarilishi mumkin.

Bashar Asad Suriyani qariyb 25 yil boshqargan. U 2024 yil dekabr oyida hokimiyatdan ag‘darilgan va Rossiyaga qochib ketgan edi.

Fransiya orderi dastlab 2023 yilning noyabr oyida chiqarilgan. Bu 2013 yilda Suriya hukumati qo‘shinlari tomonidan Damashq yaqinidagi Duma va Adra shaharlarida xalqaro konvensiyalar bilan taqiqlangan kimyoviy qurol – sarin gazi qo‘llanilgani bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida amalga oshirilgan edi. AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu hujum oqibatida mingdan ortiq inson halok bo‘lgan.

Fransiya orderni xalqaro qonunlar asosida chiqargan, ya’ni agar jinoyat sodir etilgan mamlakatda adolatli sud bo‘lishi imkonsiz bo‘lsa, bunday jinoyatlar boshqa davlatlarda ham ko‘rib chiqilishi mumkin. Bashar Asad bilan bir qatorda uning ukasi – elita kuchlariga qo‘mondonlik qilgan Mohir Asad va yana ikki nafar suriyalik generalga nisbatan ham hibsga olish orderlari chiqarilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 yanvar kuni Fransiyadagi tergov sudyalari Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadni 2017 yilda Arab Respublikasidagi tinch aholi manzillarini bombardimon qilishda ishtirok etganlikda ham ayblab, hibsga olish uchun yana bir order bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Bashar Asad order Fantsiya Kristof Sulyar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing