Falastinni yonini olgan AQSH Davlat departamenti mulozimi iste’foga chiqdi
Olam
−
22 Oktabr 2023
9566AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining Isroilga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha qarorini “impulsiv reaksiya” deb atagan Davlat departamenti mulozimi iste’foga chiqdi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 11 yildan buyon departamentning qurol yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi siyosiy-harbiy ishlar byurosida AQSH Kongressi va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktor lavozimida ishlab kelayotgan Josh Pol, Bayden ma’muriyatining Isroilga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha qarorini “impulsiv reaksiya” deb atagan hamda falastinlik tinch aholining o‘limiga hissa qo‘shayotgan ishni davom ettira olmasligini bildirgan va iste’foga chiqqan.
Polga ko‘ra, u bu xabarni e’lon qilgani va sabablarini izohlaganidan so‘ng, uning ushbu qarori departamentdagi ko‘plab hamkasblari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Biroq, hozircha AQSH Davlat departamenti mazkur holat yuzasidan izoh berishdan bosh tortmoqda. WSJ nashrining qayd etishicha, Polning iste’fosi Bayden ma’muriyatining Isroilni qo‘llab-quvvatlashiga qarshi kamdan kam noroziliklardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Oq uyda Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan uchrashib, unda Isroil va HAMAS harakati o‘rtasidagi mojaro, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi borasida suhbat olib borgan edi.
Shuningdek, Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun Kongressdan 60 milliard dollar va Isroilni qo‘llab-quvvatlash uchun 14 milliard dollar so‘rash niyatida ekani haqida xabar berilgan edi.