Falastin Prezidenti dunyoga murojaat yo‘lladi

Olam

image

Falastin Prezidenti Mahmud Abbos HAMASning Isroilga uyushtirgan hujumlarini qoralab, dunyo davlatlarini Falastinni tan olishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 25 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi onlayn nutqida aytib o‘tdi.

Abbos o‘z so‘zida Isroil armiyasining G‘azodagi urushi oqibatida xalqi “yenotsid, vayronagarchilik, ocharchilik va ko‘chirilishni boshidan kechirayotganini aytgan.

Uning ta’kidlashicha, qariyb ikki yillik janglar davomida 220 mingdan ortiq falastinliklar, ularning aksariyati ayollar, bolalar va qariyalar o‘ldirilgan yoki yaralangan, ikki millioni esa blokada tufayli ochlikdan aziyat chekmoqda. Uning qo‘shimcha qilishicha, G‘azodagi uylar, maktablar, shifoxonalar, cherkovlar, masjidlar va infratuzilmalarning 80 foizdan ortig‘i vayron bo‘lgan.

“Isroil qilayotgan ish shunchaki tajovuz emas, bu urush va insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu 21-asrning eng dahshatlli boblaridan biri”, degan Mahmud Abbos.

U, shuningdek, ko‘chmanchilar zo‘ravonligining kuchayishi va “Buyuk Isroil” strategiyasining bir qismi sifatida G‘arbiy Sohilda isroillik aholi punktlarining kengayishiga e’tibor qaratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbiy Sohilni bo‘lish, bosib olingan Quddusni izolyatsiya qilish tinchlik kelishuvlariga tahdid qilmoqda.

Abbos 2023 yilning 7 oktyabr kuni HAMASning isroillik tinch aholiga uyushtirgan hujumini qoralab, bu harakatlar Falastin xalqi, uning ozodlik va mustaqilligi uchun adolatli kurashini ifodalamasligini urg‘ulagan.

Uning ta’kidlashicha, G‘azo Falastin davlatining ajralmas qismidir va Falastin ma’muriyati uning boshqaruvi va xavfsizligi uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga tayyor.

Shuningdek, Prezident Abbos xalqaro hamjamiyatga murojaat qilar ekan, Falastin rahbariyati 1993 yildagi kelishuvlardan buyon tinchlik bitimlarini qo‘llab-quvvatlab, Isroilni tan olganiga qaramay, BMTning Falastin bo‘yicha mingdan ortiq rezolyutsiyalari bajarilmay qolayotganidan afsus bildirgan.

U Isroilni ushbu kelishuvlarni tizimli ravishda buzayotganlikda ayblab, falastinliklar o‘z majburiyatlarini bajarganini, jumladan, zo‘ravonlikdan voz kechish va milliy institutlarni isloh qilishini ta’kidlagan.

Qolaversa, u Falastinning AQSH, Saudiya Arabistoni, Fransiya, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va barcha hamkorlar bilan shu haftada qabul qilingan tinchlik rejasini amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidlagan.

“Adolatsiz tinchlikka erishib bo‘lmaydi, Falastin ozod qilinmasa, adolat ham bo‘lmaydi. Falastinliklar hech qachon o‘z vatanlari va huquqlaridan voz kechmaydi”, degan mamlakat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH ma’muriyati Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tayotgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etish uchun borgan Falastin ozodlik tashkiloti va Falastin ma’muriyati vakillari uchun vizani bekor qilgandi. Vashingtonning viza cheklovlari haqidagi qarori 80 nafar Falastin rasmiysiga, jumladan Falastin Prezidenti Mahmud Abbosga ham ta’sir qilgan. Shundan so‘ng, BMT Bosh Assambleyasi Falastin Prezidenti Mahmud Abbosga dunyo yetakchilari yillik yig‘ilishida videomurojaat orqali so‘zlash huquqini berish uchun ovoz berdi va bu tasdiqlandi. Hujjatga ko‘ra, Abbos va boshqa yuqori darajadagi falastinlik rasmiylar kelgusi bir yil davomida AQSH safarini amalga oshira olmasa, BMT yig‘ilishlari yoki konferensiyalarida videomurojaat orqali ishtirok etishi mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Mahmud Abbos HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing