Falastin BRICS’ga qo‘shilmoqchi
Olam
−
25 Oktabr
4297Falastin Prezidenti Mahmud Abbos mamlakati BRICS guruhiga qo‘shilish istagi borligini tasdiqladi. Bu haqda u kecha, 24 oktyabr kuni Qozonda bo‘lib o‘tgan “autrich” / “BRICS plyus” yig‘ilishida bayonot berdi.
“Biz BRICS’ga a’zo davlatlar rahbarlariga Falastin masalasidagi pozitsiyasi uchun minnatdorlik bildiramiz va shu munosabat bilan biz Falastinning tashkilotga a’zo bo‘lish istagini tasdiqlaymiz”, dedi Abbos.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Falastin ushbu assotsiatsiya maqsadlariga erishish uchun "BRICS’ning barcha faoliyatida ishtirok etishga tayyor" va uning a’zolari bilan "strategik aloqalar o‘rnatishni" xohlaydi.
"Umid qilamizki, Falastinning BRICS’ga qo‘shilish haqidagi arizasi imkon qadar tezroq qondiriladi", deya qo‘shimcha qildi Abbos.
Uning fikriga ko‘ra, ko‘plab mamlakatlarning BRICS’ga a’zo bo‘lishga intilishi "muvozanatli va adolatli dunyo tartibini yaratish zaruratidan" dalolat beradi. Falastin Prezidentining fikricha, mavjud xalqaro tizim “hozirda butun dunyoni qamrab olgan inqirozlarga, xususan, Falastin muammosiga dosh bera olmasligini ko‘rsatmoqda”.
Qayd etish joizki, 26 avgust kuni Falastinning Rossiya Federatsiyasidagi elchisi Abdel Hafiz Nofal uning mamlakati Qozondagi sammitdan so‘ng BRICS’ga qo‘shilish so‘rovini yuborishini ma’lum qilgandi. Elchining qo‘shimcha qilishicha, Falastinning ushbu sammitga taklif etilishi ijobiy xabar va Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash belgisidir.
Mahmud Abbos sammit doirasida bo‘lib o‘tgan Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan uchrashuvda ham Falastin BRICS’da guruh uchun qulay shaklda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
"Biz BRICS rivojlanishini kuzatishdan mamnunmiz va ushbu guruh bilan unga mos shaklda: ishtirokchi yoki sherik sifatida hamkorlik qilishga tayyormiz", dedi u.
Abbosning qo‘shimcha qilishicha, Falastin “Rossiya bilan birgalikda ushbu uyushma ishida ishtirok etishdan mamnun bo‘ladi”.
Shuningdek, Falastin Prezidenti Rossiya va uning rahbariyatiga Falastin xalqini kuchli qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
“Rossiya va uning rahbariyatiga Falastin va xalqimizni qo‘llab-quvvatlashdagi doimiy va qat’iy pozitsiyasi uchun minnatdorchilik bildiraman", dedi Abbos.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “falastinliklar bu qo‘llab-quvvatlashni uzoq vaqtdan beri his qilib kelgan va buni yuksak qadrlaydi”.
Shu bilan birga, u Rossiya Prezidentiga Moskvaning “Falastin birligini tiklash” bo‘yicha olib borayotgan sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi. Abbosning ta’kidlashicha, shu fonda G‘arb davlatlari va ba’zi arab davlatlarining Falastin boshqaruvi va rahbariyatini o‘zgartirishga chaqiruvi “Falastinning ichki ishlariga aralashish” sifatida baholanishi mumkin.
U “falastinliklar ularga qanchalik bosim o‘tkazilmasin, G‘azo va G‘arbiy Sohildagi yerlarini hech qachon tark etmasligini” tasdiqladi. Abbos “Isroil agressiyasi oqibatida G‘azodagi barcha hukumat binolari va infratuzilma ob’ektlarining qariyb 70 foizi vayron bo‘lganini” eslatdi. U sektorda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va anklav aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun, BRICS birlashmasi 2006 yilda tashkil etilgan. Hozirda Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Misr va Efiopiya uning a’zolaridir.
LiveBarchasi