O‘zbekiston falastinliklarni qo‘llamoqda. Oq uyda esa G‘azo muhokamasi bo‘ldi
Tahlil
−
31 avgust 5109 9 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, ya’ni o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega ekanini aytdi.
Davlat rahbariga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqil Falastin davlatining tashkil etilishi bo‘yicha qat’iy pozitsiyada turadi. U, shu bilan birga, O‘zbekiston urush va ofatlar vaqtida og‘ir vaziyatga tushib qolgan begunoh insonlarga doimo beg‘araz yordam ko‘rsatib kelganini ta’kidaladi.
Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning 11 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev navbatdan tashqari "Arab-Islom" sammitida nutq so‘zlab, urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini bildirgan edi.
2024 yilning 27 dekabr kuni 100 nafar yaralangan falastinlik bolalar va ayollar hamda ularning hamrohlari O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi. Ular O‘zbekistonda mehmon bo‘lib, o‘z vataniga qaytgunlariga qadar mamlakatdagi barcha sharoitlardan foydalanadi.
Joriy yilning 14 avgust kuni esa Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga ko‘ra, O‘zbekistonga olib kelingan falastinlik bolalar ta’limga jalb etiladi, ularga ikki hafta muddatda zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa fuqarolarga beriladigan nafaqa tayinlanadi hamda falastinliklarning masalalarini hal etish chora-tadbirlarini moliyalashtirish maqsadida yuridik shaxs maqomisiz maxsus jamg‘arma tashkil etiladi.
Falastinliklar uchun ko‘p bora qayg‘uradigan Turkiya esa dunyo mamlakatlarini Isroil bilan aloqalarni uzishga chaqirmoqda. Mamlakat parlamenti spikeri No‘mon Kurtulmush Isroilning xalqaro tashkilotlardagi, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi a’zoligini to‘xtatish bo‘yicha shoshilinch va aniq choralar ko‘rishga chaqirdi.
“Bugun men xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, Isroil genotsid siyosatidan voz kechmaguncha, uning barcha xalqaro tashkilotlardagi, jumladan, BMTda a’zoligini to‘xtatish zarurligi haqida taklif bildiraman va bayon qilaman”, deydi u.
Kurtulmushning eslatishicha, Turkiya Buyuk Millat Majlisining 28-sessiyasida G‘azo sektorida va butun Falastin hududlarida Isroil tomonidan sodir etilgan genotsid va jinoyatlarga, shuningdek, uning tajovuzi va ekspansionistik harakatlariga oid oltita qo‘shma deklaratsiya hamda Prezident Erdo‘g‘anning farmoni qabul qilingan.
Parlament spikerining aytishicha, Isroilning yillar davomida olib borgan bosqin, vayronkorlik va anneksiya siyosati so‘nggi ikki yil ichida genotsid darajasidan ham oshib ketgan.
“Na zulm, na shafqatsizlik, na vahshiylik, na ommaviy qirg‘in, na genotsid – ularning hech biri sionistik Isroilning qilayotganlarini ifodalay olmaydi”, deydi Kurtulmush.
Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, hozirga qadar ommaviy qirg‘in qurbonlari deyarli 70 ming kishiga yetgan, ularning katta qismi ayollar va bolalar. Fuqarolik infratuzilmasi ataylab hujum ostiga olingan, maktablar, ibodatxonalar va shifoxonalar esa bombardimonlarga duch kelgan.
Turk siyosatchisining ta’kidlashicha, Isroil vahshiyligi faqat G‘azo bilan cheklanib qolmayapti, balki Quddus va Iordan daryosining g‘arbiy sohilida ham zo‘ravonlikni kuchaytirib, yerlarni bosib olish va binolarni noqonuniy buzish ishlarini jadallashtirmoqda.
Kurtulmushning qayd etishicha, “El hududi” deb atalgan zonada yangi noqonuniy mustamlaka qurish qarori Sharqiy Quddusni G‘arbiy sohildan ajratishga qaratilgan bo‘lib, xalqaro hamjamiyatda keng norozilik uyg‘otgan.
U, shuningdek, butun dunyoda Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi Isroil hukumatining shafqatsiz harakatlariga qarshi norozilik kuchayayotganiga e’tibor qaratgan.
Kurtulmush Turkiya Falastin xalqining kurashini erkin va suveren Falastin davlati tuzilguniga qadar qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Shu bilan birga, Turkiya dunyo mamlakatlarini Isroil bilan aloqalarni uzishga chaqirdi va o‘zi namuna ko‘rsatib, rasmiy Tel-Aviv bilan barcha iqtisodiy va savdo munosabatlarini to‘xtatdi hamda o‘z havo hududini Isroil samolyotlari uchun yopdi.
Ana shunday muhim pallada Oq uyda Isroilning eng suyangan tog‘i bo‘lmish Amerika bilan G‘azo taqdiri muhokama qilindi.
Iroq urushiga mamlakatini boshlab kirgan va o‘n yildan ortiq davomida Yaqin Sharqda elchi sifatida faoliyat yuritgan, ammo ko‘pincha tanqidlarga uchragan Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Blerning 27 avgust kuni G‘azo kelajagiga bag‘ishlangan Oq uydagi yig‘ilishda qatnashgani ko‘pchilikda hayrat uyg‘otdi.
Uchrashuv mazmuni ommaga oshkor etilmadi, ammo AQSH Prezidenti Donald Trampning vakili Stiv Uitkoff yig‘ilish oldidan “Fox News”ga bergan intervyusida u asosan ma’muriyatning “urush tugagach G‘azo uchun kompleks rejasi” haqida bo‘lishini aytdi.
Bir qarashda, Blerning ishtiroki kutilmagan holdek tuyulishi mumkin. U Yaqin Sharq bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan sobiq jahon yetakchisi bo‘lsa-da, so‘nggi o‘n yil ichida uning rasmiy faoliyati asosan xususiy biznes tashabbuslari va onda-sonda ommaviy axborotda ko‘rinib turishi bilan cheklangan.
Falastin davlatchiligi g‘oyasi o‘lishi mumkin
Britaniyadagi Falastin missiyasi rahbari elchi Husam Zomlot Blerning Oq uydagi yig‘ilishda qatnashishi haqida izoh bermadi. Biroq sobiq Britaniya yetakchisi falastinliklarda katta ishonch uyg‘otmasligi aniq.
Bler 2007 yil Dauning-stritni tark etgandan so‘ng, sakkiz yil davomida Isroil va Falastin o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishishga urinayotgan yirik davlatlar guruhining “Kvartet”ning (AQSH, Rossiya, Yevropa Ittifoqi, BMT) Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi bo‘lib ishladi. 2015 yilda Bler bu lavozimdan iste’fo bergan paytga kelib, “Kvartet” samarasiz va haqiqiy vakolatsiz tuzilma sifatida ko‘rila boshlandi.
Blerning elchi sifatidagi natijalari ham yuksak baholanmadi. Falastin ma’muriyati uning tayinlanishini dastlab olqishlagan bo‘lsa-da, munosabatlar tez orada buzildi. Bler G‘arbiy sohilning Ramalloh shahrida deyarli “persona non grata” deb e’lon qilinishiga oz qoldi. Chunki Falastin ma’muriyati uni Isroilga moyillikda aybladi.
Merilend universiteti professori va Brukings institutining norezident katta ilmiy hamkori Shibli Telhamining aytishicha, Blerning Oq uydagi yig‘ilishda qatnashishi Trampga boy homiylarning e’tiborini jalb qilishga yordam berishi mumkin, lekin bu Yaqin Sharq va xalqaro jamoatchilik fikriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
“(Blerning) Iroq urushini qo‘llab-quvvatlagani va uning Yaqin Sharq hukmdorlari bilan moliyaviy va siyosiy aloqalari obro‘sini zaiflashtirdi”, dedi Telhami.
Falastinliklar Tramp ma’muriyatiga va uning G‘azo bo‘yicha rejalariga allaqachon ishonchsizlik bilan qaramoqda, shuning uchun Blerning bu muhokamalarda ishtirok etishi ularning xavotirlarini kamaytirishi ehtimoldan yiroq.
Britaniyada Liberal-demokratlar partiyasi yetakchisi Ed Deyvi Blerdan parlamentni Oq uydagi uchrashuv haqida xabardor qilishni talab qildi va Britaniya “Trampni to‘g‘ri ish qilishga majbur etish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishi shart”, ekanini aytdi.
G‘azo “Riverasi”
Tramp avval ham AQSHning G‘azoni nazoratga olishi, uning aholisini ko‘chirish va vayrona bo‘lgan yerni “Yaqin Sharq Riverasi”ga aylantirish g‘oyasini ilgari surgan.
Bu yil boshida u hatto ijtimoiy tarmoqlarda sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan videoni ulashdi. Unda G‘azo yangi kurortga aylantirilib, u yerda Trampning oltin haykali o‘rnatilgani tasvirlangan.
Bunday rejalarning eng yirik tarafdorlaridan biri – Trampning kuyovi Jared Kushner. Bler kabi u ham hozirda hech qanday rasmiy lavozimga ega emas. Va Bler kabi u ham o‘sha 27 avgustdagi uchrashuvda qatnashgan.
Isroil OAV xabariga ko‘ra, Isroilning strategik ishlar vaziri Ron Dermer ham shu hafta Vashingtonda bo‘lgan. U Kushner va Bler bilan yaqin aloqalarga ega.
Dermer 2020 yilda Isroil va bir qancha ko‘rfaz davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirgan Ibrohim kelishuvlarida muhim rol o‘ynagan. Bu kelishuv Kushner tomonidan olib borilgan va Trampning birinchi ma’muriyatining yirik yutug‘i sifatida ko‘rilgan.
Dermer va Bler oldindan ham birga ishlashgan va ular yaxshi tanish deyiladi.
Telhamining aytishicha, Dermer G‘azo masalasida Bler va Tramp jamoasi bilan hamkorlik qilgan, ammo uchrashuvda arab vakillari qatnashmagan.
“Hech qanday kuchli arab ishtirokchilari yo‘q edi. Holbuki, G‘azo masalasi arablarga katta ta’sir ko‘rsatadi, ayniqsa, Isroil qo‘shnilariga. Shuningdek, boy arab davlatlari xarajatlarning katta qismini qoplashga majbur bo‘ladi”, dedi u.
“Rivera” g‘oyasi avval Trampning Vashingtonda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuvi chog‘ida aytilgan bo‘lib, bu g‘oya keng qoralangan. Falastin ma’muriyati uni “xalqaro huquqning jiddiy buzilishi” deb atadi. Yevropa yetakchilari esa “qabul qilinmas” deb baholadi.
Biroq Telhami Blerning ishtirokini Tramp rejasiga salmoq qo‘shishi mumkin deb hisoblaydi.
“Bler Trampning maslahatchilar guruhini kengaytirgandek ko‘rsatishi mumkin. U yerda Uitkoff va Kushner bor, Bler esa xalqaro imij va obro‘ga ega shaxs”, deydi Telhami.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Trampning qayta qurish rejasi amalga oshsa, “ulkan mablag‘lar” talab etiladi. Blerning boy Ko‘rfaz davlatlari bilan yaqin moliyaviy va siyosiy aloqalari esa Tramp uchun foyda keltirishi mumkin. Dastlab bu g‘oya Trampning o‘ylab qolgan gapidek ko‘rilgan bo‘lsa-da, keyinroq u harakatga aylandi.
“Financial Times” xabariga ko‘ra, G‘azoni qayta qurish, falastinliklarni yerlaridan chiqishlari uchun pul to‘lash rejasini o‘z ichiga olgan tadqiqot tayyorlanib, Tramp ma’muriyatiga taqdim etilgan.
Keyinchalik FT shuni ochiqladiki, bu loyiha Isroil biznesmenlari rahbarligida, Boston Consulting Group (BCG) moliyaviy modellari asosida ishlab chiqilgan va Blerning aql markazi — Tony Blair Institute for Global Change (TBI) xodimlari muhokamalarda qatnashgan.
Britaniya parlamentiga yuborilgan ma’lumotda BCG o‘zining yuqori darajali sheriklaridan biri kompaniya qoidalari va to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatmalariga xilof ravishda jamoa tuzib, urushdan keyingi G‘azo uchun ssenariylarni tahlil qilganini va bu jarayonda TBI bilan muloqot qilganini tasdiqladi.
Institutning bildirishicha, u G‘azodagi urushdan keyingi rejalar bo‘yicha ko‘plab guruh va tashkilotlar bilan muloqot qiladi, ammo aynan mazkur rejani ishlab chiqishda ishtirok etmagan. Institut vakili Blerning Oq uydagi yig‘ilishda qatnashishi haqida izoh bermadi, faqat institut “doimo g‘azoliklar uchun yaxshiroq kelajak qurishga intilib kelganini” ta’kidladi.
“Toni Bler bu yo‘lda hukumatdan ketganidan beri mehnat qilib kelmoqda. Bu hech qachon g‘azoliklarni ko‘chirish haqida bo‘lmagan. TBI hech qachon bunday rejani yozmagan, ishlab chiqmagan yoki qo‘llab-quvvatlamagan”, dedi institut vakili.
G‘azodagilar esa Tramp rejasi haqida ko‘proq ma’lumot kutayotgan bir paytda, Bler institutining bu pozitsiyalarini Oq uyda yig‘ilganlarga xuddi shu tarzda yetkazgan bo‘lishidan umid qilishdan boshqa chorasi yo‘q.
2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroilning xalqaro huquqqa zid hujumlari oqibatida G‘azoda 63 ming 25 kishi halok bo‘ldi, asosan ayollar va bolalar qurbon bo‘lgan, 159 ming 490 kishi yaralangan. Isroil blokadasi va G‘azo sektoriga uyushtirilgan hujumlar sabab ocharchilik falastinliklarning hayotiga zomin bo‘lishda davom etmoqda. Ochlikdan o‘lganlar soni 322 kishiga yetdi, ulardan 121 nafari bolalar. Bu raqamlar esa keskin oshib bormoqda.
Live
Barchasi