Facebook`ning “bo‘g‘ilishi” O‘zbekistonga qanchaga tushyapti?

Tahlil

image

O‘zbekistonda joriy yilning iyul oyi boshidan Facebook tarmog‘iga ulanishda muammolar kuzatila boshladi. Mamlakatda ijtimoiy tarmoqlarni bloklash yangilik bo‘lmagani uchun Facebook yana norasmiy taqiqqa uchragani taxmin qilindi.

Facebook`ni bloklashi mumkin deb qaralgan “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi turli saytlarga kirishni belgilash tashkilot vakolatiga kirmasligini aytdi. Shu bilan bu masala tinchigandek ko‘rindi. Biroq Facebook`ga kirishdagi qiyinchilik bartaraf etilmadi. 

Bugungi kunda boshqa qator ijtimoiy tarmoqlar singari Facebook ham odamlarning oddiy muloqot maydoni emas, tadbirkorlar uchun arzon reklama, mahsulot sotish va sotib olish maydoniga aylangan. Zamonaviy ishbilarmonlik borki, turli ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadi va o‘z mahsulotini targ‘ib qiladi. Bundan tadbirkorning o‘zi ham foyda ko‘radi, davlatga ham foyda keltiradi.

Arzon reklama maydoni va tadbirkorlarning dastyori bloklansa, O‘zbekiston nimadan mahrum bo‘ladi? Turli ijtimoiy tarmoqlarning cheklanishi davlatlarga qanchaga tushishini hisoblab beruvchi NetBlocks sayti orqali buni bilish imkoni bor.

NetBlocks o‘zi nima va kimga qarashli ekaniga to‘xtalsak. NetBlocks – bu raqamli huquq, kiberxavfsizlik va internet boshqaruvi sohasida faoliyat yurituvchi fuqarolik jamoasi. Bu nodavlat birlashma.

NetBlocks ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda Facebook`ning bir kun davomida bloklanishi 779 750 AQSH dollariga tusharkan. O‘zbekistonda 20 kundan ortiq vaqt mobaynida Facebook`da muammolar kuzatilayotganini inobatga olsak, umumiy zarar 15 mln dollardan ortiq bo‘ladi.

1

Albatta, bu raqamlarni 100 foiz aniq va bexato deyishdan yiroqmiz. Ammo hisob-kitoblar ham osmondan olinmagan.

NetBlocks davlatlarning raqamli iqtisodiyoti darajasini inobatga olib, Brukings instituti rivojlanish ko‘rsatkichlari metodidan foydalanib, virtual olamga o‘rnatilayotgan cheklovlar yalpi ichki mahsulotga qanchalik zarar keltirishini hisoblaydi.

Facebook boshqa mamlakatlarda muammolarsiz ishlayapti. To‘g‘ri, ayrim texnik uzilishlar kuzatilib turadi, biroq bular tezda bartaraf etiladi va tarmoq rasmiy ma’lumot e’lon qiladi. O‘zbekiston bilan bunday bo‘lmayapti. Yana bir omil, Facebook`ning o‘zbekistonliklar uchun ancha yaxshi tanish bo‘lib qolgan VPN dasturlari bilan ishlashida muammo kuzatilmayapti. Bundan birgina xulosa kelib chiqadi: O‘zbekistonda Facebook`ga norasmiy taqiq o‘rnatilgan. Ammo buni kim o‘rnatgani, nega bunday qilganini hech kim bilmaydi. Tuya ko‘rdingmi – yo‘q.

Bundan avval ham O‘zbekistonda Facebook va Youtube bloklangandi. O‘shanda ham hech bir rasmiy idora buni tan olmagan. Keyinroq esa tarmoqni bloklaganlar qamoqqa olingani aytilgandi. Bu safar Facebook`ning yana ishlab ketishi nima bilan tugashi dargumon. 

Shu o‘rinda yana bir narsaga alohida to‘xtalib o‘tish darkor. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida iyul oyida o‘tkazilgan yig‘ilishlaridan birida bundan buyon hokimlar kuniga ikki soat jamoatchilikdan tushgan savollarga javob berishi kerakligi aytildi. Agar mamlakat aholining ko‘p qismi Facebook’dan foydalanishini, e’tiroz, shikoyat va murojaatlarning ko‘p qismi aynan ushbu tarmoqda bo‘lishini inobatga olsak, xo‘sh, hokimlar bu tarmoqdan qanday qilib foydalanib, aholi muammolariga qanday yechim topadi? Yo ular ham VPN ishlatadimi?


Maqola muallifi

Teglar

Facebook

Baholaganlar

554

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing