O‘FA nega PFLni qo‘g‘irchoqqa aylantirmoqda?

Sport

image

O‘zbekiston Professional futbol ligasi yangi mavsum uchun o‘z rejalarini tuzib bo‘lgan, va chempionat boshlanishiga sanoqli kunlar, eng yomoni qur’a tashlanishiga sanoqli daqiqalar qolgan bir paytda, O‘zbekiston Futbol Assotsatsiyasi katta sahnaga chiqishni xohlab qoldi.

PFLdagilarning aytishiga qaraganda, ularning rejasiga ko‘ra bu mavsum ham Superligada 12ta klub ishtirok etishi kerak edi. Shunga monand tarzda tayyorgarlik ham ko‘rib qo‘yilgandi. Ammo bizning buyruqboz O‘FA hokimlarning shaxsan iltimosini yerda qoldirishga ko‘ngli bo‘lmay, hatto o‘tgan yili pro-ligada ham biror karomat ko‘rsata olmagan “Surxon” va “Dinamo” klublarini Superligaga “tiqishtirib” ketdi. 

Xo‘sh bundan kim qanchalik manfaat topadi? Agar siz Samarqand va Surxandaryoga katta futbol qaytadi va futbolga bo‘lgan qiziqish yanada kuchayadi deb o‘ylasangiz, katta xato qilasiz. Negaki, bu jamoalar ikki hafta qolganda Superligada o‘ynashini bilib, shunga mos ravishda qisqa muddatda tayyorgarlik ko‘ra olishmaydi. Alal-oqibat, bu ikki jamoa shunchaki o‘yinlarni o‘tkazib qo‘yish uchun sudralib yuraveradilar. Buni ko‘rib muxlislarning futbolga qiziqishi ortmaydi, aksincha, battar sovib boraveradi

O‘FA nega shu sabablar haqida o‘ylashni xohlamayapti?! Qolaversa, iltimoslar tufayli Superligaga jamoalar olib chiqib qo‘yilaversa, musobaqada raqobat qoladimi?! Xo‘sh, “Buxoro” yoki “Qizilqum”dagilar ham shunchaki futbol o‘ynashni yig‘ishtirib qo‘yib, iltimosnoma yozishga o‘tib ketishmaydimi?!

O‘FA muammolarni hal etish o‘rniga ularni sotib olishni boshlab yubordi. Qo‘shimchasiga, Assotsatsiya o‘zbek futbolini o‘z bilganicha boshqarmoqchi ekan, bizga PFLning nima keragi bor? 

Angliyada Futbol Assotsatsiyasi Angliya premer ligasi ishiga aralashmaydi. Qolgan joylarda ham xuddi shunday. Bizda esa xohlagan odam PFLga “burun suqishi” mumkin. Bilasizmi, bir odamni turtib o‘tsang, agar u bunga hech qanday reaksiya bildirmasa, keyingi ko‘rganingda uni tepib o‘tging keladi. Mana shunaqa gaplar...
 


Maqola muallifi

Teglar

O'FA PFL

Baholaganlar

94

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing