Yozda bizni qanday issiq kutyapti?

Intervyu

Joriy yilda yoz fasli issiq kelishi kutilayotgani xabar qilindi. May oyi esa harorat ko‘tarilishi bo‘yicha bo‘yicha rekord yangilandi. Shularning o‘zi oldinda bizni qanday yoz fasli kutib turganini tasavvur qilishimiz uchun yetarli.

Ob-havodagi bunday o‘zgarishlarning boisi ne? Nega dastlabki 20 kuni namgarchilik bilan o‘tgan may oyining so‘nggi o‘n kunida havo harorati keskin isib ketdi? Kutilayotgan yozning qurilishlar ko‘paygan va daraxtlar kamaygan bir sharoitda ta’siri qanday bo‘ladi?

QALAMPIR.UZ muxbiri ob-havo va iqlimdagi so‘nggi o‘zgarishlar bo‘yicha Gidrometeorologiya xizmati markazi mutaxassisi, sinoptik Ulug‘bek Shermuhamedov bilan suhbatlashdi.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Assalomu alaykum. Bilamizki, oxirgi oylarda havo harorati ko‘tarilyapti. Ayniqsa shu yilning may oyida harorat bo‘yicha rekord qayd etildi. Umuman may oyida haroratning bunday ko‘tarilishiga asosiy sabab nima?

Ulug‘bek Shermuhamedov, sinoptik: — Agar may oyini tahlil qiladigan bo‘lsak, may oyining birinchi va ikkinchi o‘n kunliklarida yuqori harorat bo‘lgani yo‘q. Birinchi va ikkinchi o‘n kunlikda yog‘ingarchiliklar ko‘p, harorat nisbatan salqinroq bo‘ldi. Siz aytayotgan issiq havo bu may oyning oxirgi o‘n kunligiga to‘g‘ri keldi. Shu vaqt ichida bizning hududimizga janubdan, asosan, Eron va Turkmaniston hududidan, iliq va issiq havo massalari ketma-ket kelishi natijasida Respublikada, ayniqsa Shimoliy – Xorazm va Qoraqalpog‘iston hududlari hamda cho‘l hududlarida harorat keskin ko‘tarildi. Boshqa hududlarda ham harorat ko‘tarilishi kuzatildi. Lekin asosan yuqoridagi hududlarda bir necha kun davomida, aniqroq aytadigan bo‘lsak 26-28 may kunlari tarixdagi eng yuqori harorat qayd etildi. Mana shu holatni biz may oyining so‘nggi o‘n kunligida ko‘rdik.

Odatda may oylarida issiq bo‘lmaydi. Lekin mana bu yilda mayning oxirgi o‘n kunligida issiq havo bizda hukmronlik qildi. Yuqorida aytganimdek, bu janubdan issiq havo massalari kelishi natijasida bo‘ldi.

Bu tabiiy sinoptik jarayon hisoblanadi. Bu jarayon nisbatan uzoqroq davom etdi.

F.N.: — Odatda harorat tabiiy omillar natijasida ko‘tariladimi yoki buning asl sababi inson omilimi?

U.Sh.: — Haroratni ko‘tarilishi-tushishi 90-95 foizi bu albatta tabiiy omil hisoblanadi. Sababi, inson alohida o‘zi yashab turgan kichik hududda u yoki bu ko‘rinishda o‘ziga iqlim yaratib olishi mumkin. Lekin, biz ko‘rayotgan tabiiy sharoitda, bizning hududlarimizda bo‘ladigan ob-havoda tabiiy jarayonni roli juda katta. Inson omili buni o‘zgartiradigan darajada kuchga ega emas.

F.N.: — Yaqinda Quyoshda so‘nggi uch yillikdagi eng yirik chaqnashlar sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Aynan Quyoshdagi portlash ob-havoga qanchalik ta’sir qiladi?

U.Sh.: — Bir narsani aytib o‘tish kerak. Quyosh aktivligi degan tushuncha bor. Quyosh aktivligi bu – quyoshdagi dog‘larni ko‘payib kamayib turishi. Quyosh bizning eng asosiy energiya manbamiz bo‘lgani sababli undagi o‘zgarishlar bizga ta’sir qiladi. Mana shu hozir aytganingizdek, Quyoshda bo‘ladigan Quyosh dog‘larining o‘zgarishi quyosh aktivligi deyiladi. Quyosh aktivligi har yilda davriy ravishda o‘zgarib turadi. Ya’ni, mana shu yil ichida uning faolligi minimum yoki maksimumga chiqadi. Chaqnashlarning ko‘payishi bu quyosh yangi faol davrga kirganini bildiradi. Bu narsani qandaydir anomal holat deb bo‘lmaydi. Bu davriylikning qaytarilishi.

Davriylik qaytarilayotgan paytda qaysidir vaqtda energiya ko‘payib nisbatan isishiga olib kelishi mumkin. Chunki kelayotgan energiya ko‘payyapti. Qanchadir vaqtdan keyin odatiydan ko‘ra kamayadi.

F.N.: — Demak, quyosh faoliyati ta’sir qiladi?

U.Sh.: — Ha, energiya manbasi bo‘lgani uchun ta’sir qiladi. Lekin, bir narsani hisobga olish kerak. Bizga ta’sir etadigan Quyosh radiatsiyasi odatda yorug‘lik nuri va infraqizil nurlarga to‘g‘ri keladi. Chaqnashlarda ajralib chiqqan nurlanish boshqa diapazonda bo‘ladigan bo‘lsa, buni ob-havoga ta’siri yo‘q.

F.N.: — Hozirda O‘zbekistonda qurilishlar juda ham ko‘p. Chiqayotgan turli zararli moddalar ko‘paygani sari havo ifloslanadi. Daraxtlar ham kamayib ketyapti. Katta-katta soya beruvchi daraxtlar ham kamayib ketyapti. Bunday sharoitda kutilayotgan issiqning ta’siri qanday bo‘ladi?

U.Sh.: — Biz bir narsani ajratib olishimiz kerak. Harorat boshqa narsa, issiqlik boshqa narsa. Misol uchun harorat ikkita joyda 37 gradus bo‘lib turibdi. Bir yerda o‘zingizni yomon his qilasiz, ikkinchi yerda yaxshi his qilasiz.

F.N.: — Keling, unda shuni farqini batafsil aytib bering.

U.Sh.: — Harorat bu o‘lchanadigan meteorologik kattalik. Issiqlik bu yutilayotgan va ajratilayotgan energiya. Quyidagicha misol keltirishimiz mumkin. Agar bizda 35-40 daraja bo‘ladigan bo‘lsa qiyin, lekin chidasa bo‘ladi. Agar Hindistonda 35-40 haroratga tushib qolsangiz, o‘zingizni tashlab yuborasiz. Nima sababdan? Chunki u yerda namlik yuqori. U yerda namlikning hisobiga ko‘p issiqlik yutiladi va ko‘p issiqlik nurlanadi. Odam mana shu issiqlik almashinuvida o‘zini his qilishi yomon tomonga o‘zgarishi mumkin. Siz aytayotgan changlar, antropogen omillar bu insonni o‘zini his qilishiga ta’sir qilishi mumkin. Lekin, harorat o‘lchanishida hech qanday ta’siri bo‘lmaydi.

F.N.: — Demak, atmosferadagi dimlanish darajasiga zararli moddalar u qadar ta’sir qilmaydi?

U.Sh.: — Atmosferaga katta zarari yo‘q, lekin atmosfera orqali o‘simliklarga, jonzotlarga va bizga ta’siri bor. Atmosfera notirik ob-havo massasi. Qaysidir vaqtda iflosroq, qaysidir vaqtda tozaroq bo‘ladi. Qanchadir vaqtdan keyin o‘zini o‘zi tiklab olaveradi. Mana shu ikki davr orasida insonga ta’siri bo‘lishi mumkin.

F.N.: — Daraxtlarning kamligichi?

U.Sh.: — Daraxtlarning kamligida bir narsani hisobga olishimiz kerak, bu joyga qarab bo‘ladi. Ba’zi joylarda daraxtlarning kamayishi keskin o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Boshqa joylarda daraxtlar katta rol o‘ynamaydi. Tabiiy narsa, daraxt foydali ularning ko‘pligi foydali. Changlar chiqishi, avtomobildan chiqayotgan tutunlar zararli. Lekin, uni hissasi bor. Vaziyatlar, ob-havo va iqlimdan kelib chiqqan holatda uning ta’siri kuchli yoki kuchsiz holatda bo‘lishi mumkin.

F.N.: — Bu yil yozning issiq kelishi global isish bilan qanchalik bog‘liq?

U.Sh.: — Global isish va iqlim haqida gapirganda biz bitta yozga qarab, bir yilga qarab baho bermaymiz. Iqlim deganda 10 yillab, yuz yillab kuzatish natijasida paydo bo‘ladigan xulosa. Masalan, ma’lum joyga bunday namlik, mana bunday radiatsiya, mana bunaqa harorat xos. Bu narsani biz yuz yillab o‘lchash natijasida keltirib chiqardik. Global o‘zgarishni qayd etish uchun o‘n yilliklardagi solishtirishni amalga oshirish mumkin. Misol uchun, o‘tgan yil yoz issiq, bu yilgi yoz sovuq, keyingi yoz yana issiq undan so‘ng ham yana issiq bo‘lishi mumkin. Lekin bu degani o‘rtacha qaraydigan bo‘lsak, bu o‘n yillik, oldingi o‘n yillik bilan bir xil bo‘lishi mumkin. Hech qanday o‘sish kuzatilmasligi mumkin. Shuning uchun, hozir aytganimdek, bu yil prognoz qiladigan markaz bilan birgalikda yozgi prognozlar qilishdi. Bu prognozlarga ko‘ra bizning hududimizda yoz normaga nisbatan issiqroq bo‘lishi kutilmoqda. Masalan, oldingi yoz harorat 3 kun 40 gradusdan baland bo‘lgan bo‘lsa, bu yoz 4 kun 40 dan baland bo‘ladi. Vahima qiladigan hech qanday holat emas.

F.N.: — Demak 2019 yilning yoziga nisbatan bu 2020 yilning yozi ...

U.Sh.: — Yo‘q. o‘rtacha normaga nisbatan.

F.N.: — O‘tgan yilga nisbatanchi?

U.Sh.: — Buni faqat yoz o‘tgandan keyin solishtirish mumkin.

F.N.: — Oldingi yil ham xuddi shu mavsumda, xuddi shu oyda oldingi iyul-avgust oylari prognoz qilingan. Bu yil ham prognoz qilingan. Shuni solishtirib ko‘rdinglarmi?

U.Sh.: — Yo‘q, bizda prognoz bilan prognoz solishtirilmaydi. Odatda prognoz bilan fakt solishtiriladi. Shuningdek, ikkita fakt bir-biri bilan solishtiriladi. Bizda hozir yoz bo‘lgani yo‘q. Yoz tugagandan keyin, o‘tgan yoz va bu yozni solishtirish mumkin. Lekin, ikki yilning prognozini solishtirish to‘g‘ri kelmaydi.

F.N.: — Biz bilamiz, O‘zbekistonda havoni, changni hisoblaydigan qurilmalar SSSR davridan qolgan. Aynan eskirganlarning o‘rniga yangi moslamalar xarid qilinmagan. Bu ob-havoni to‘g‘ri aytib berishingizga qanchalik ta’sir qiladi?

U.Sh.: — Birinchidan, qurilmalar haqida qisqacha aytaman. Qurilmalar yangi bo‘ladimi. eski bo‘ladimi bizda oldindan butun dunyoda amal qilib kelinadigan standartlar bor. Masalan termometr, u qaysidir vaqt oralig‘ida doimiy tekshiruvdan o‘tkazib turiladi. Uni aniqligi, to‘g‘ri ishlayotgani, uni qanchalik sezgirligi va hokazo parametrlari baholanib boriladi. Misol, uchun termometr buzilib qolsa ham uni o‘zini almashtirish bo‘yicha qonun qoidalari bor. Bu nuqtai nazardan, qurilmalar yangi bo‘ladimi, eski bo‘ladimi ular har doim ma’lum bir talabga javob berishi shart. Bo‘lmasa ular bilan o‘lchash mumkin emas. Bunda ko‘chadan sotib olib qo‘yish ketmaydi. Albatta, o‘sha standartlardan o‘tgan, talabga javob beradigan termometrlar ishlatiladi. Qurilmalarni eski bo‘lishi noto‘g‘ri o‘lchashiga sabab bo‘lmaydi.

F.N.: — Umuman, ularni Ishlash standarti necha yil?

U.Sh.: — Termometr eskicha ko‘ringani bilan bilan u eski bo‘lmaydi. Bilishimcha, har besh yilda qurilma to‘lig‘icha almashtiriladi. Siz hozir simobli termometr ko‘rayotgan bo‘sangiz bu 30 yil oldingi termometr degani emas. Xuddi shunday shaklda, xuddi shunday metod bilan o‘lchaydigan, xuddi shunday tuzilishga va parametrlarga ega bo‘lgan qurilmani ishlatamiz.
Misol uchun men simobli termometr o‘rniga elektron termometr ishlatmoqchiman. Buning uchun men ikki termometrni yonma-yon qo‘yib bir yil davomida tekshirishim kerak bo‘ladi. Agar men metodni o‘zgartirsam qatorni bir jinsliligi yoqoladi.

F.N.: — Nima uchun “O‘zgidromet”ning ob-havo ma’lumotlariga ishonchsizlik bor?

U.Sh.: — Nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda sinoptiklarning prognozlariga shubha bilan qarash ko‘p kuzatiladi. Sinoptiklar va ob havoni prognoz qiluvchilar haqida askiyalar, latifalar bor. Bu butun dunyoda tarqalgan narsa, faqat O‘zbekistonda emas. Buni sabablari bilan qiziqadigan bo‘lsak, bunga uchta sabab bor:

Birinchidan, hamma joyda har xil lekin, bizda ko‘proq. Odamlar prognoz nimaligini noto‘g‘ri tushunadi. Masalan, ertaga yog‘ingarchilik kutilmaydi deyilsa, bo‘ldi yomg‘ir yog‘mas ekan degani emas. Biz barcha bor ma’lumotlarni analiz qilamiz, barcha metodlardan foydalanib ertangi kun uchun umumiy xulosalar chiqaramiz. Bu xulosalar natijasida qaysi hududda qanday harorat, qanday yog‘ingarchilik bo‘lishi yoki bo‘lmasligini aytamiz. Masalan havo oqimlarini yo‘nalishi. Xaritadan qarasa bir foiz o‘zgarish ham katta rol o‘ynaydi. Masalan, Toshkentda yog‘ingarchilik bo‘lishini shu hal qiladi. Havo oqimining boshqa yo‘nalishga ketishi 70 foiz, bu yo‘nalishga ketishi 30 foiz. Biz mana shu 70 foizga tayanib turib aytamizki, bizda yog‘ingarchilik bo‘ladi yoki bo‘lmaydi.

Prognozni to‘g‘ri tushunish kerak. Boshqa mamlakatlarda bu borada juda ko‘p tushuntirish ishlari olib boriladi. Masalan, Rossiyada prognoz oluvchilarga tushuntiriladi: “Bizning prognozlar mana shunday ma’lumotlarga asoslangan, harorat 36-38 bo‘lishi mumkin bo‘lsa aynan 36 yoki 38 bo‘ladi degani emas. Harorat shu ikki raqam orasida bo‘ladi” deb tushuntiriladi. Bashorat qilinayotgan kun qanchalik yaqin bo‘lsa, aniqligi yuqori bo‘ladi. Lekin jarayon qiyin. Ayniqsa bahor paytlarida tez kechadigan jarayon bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, jarayoni qiyinligi va intensivligiga qarab prognozlar aniqroq yoki ehtimolligi pastroq bo‘lishi mumkin. Prognozlarni oddiy odamlar tushunadigan terminlar asosida tushuntirishga harakat qilinadi.

F.N.: — Ko‘p hollarda televideniye va radio orqali ob-havo aytiladi. Toshkent shahrida 38-40 daraja issiq bo‘ladi deyildi. Lekin, ijtimoiy tarmoqlarda harorat 51 darajagacha ko‘tarilganini ko‘rdik. O‘sha kuni maksimum 45 daraja deyilgan edi. Bu holatni qanaqa baholash mumkin.

U.Sh.: — Demak, 40-45 deb prognoz berishimiz... Bu termometrda o‘lchanadigan narsani prognoz qilishimiz kerak. Bizni termometr soyada turibdi. Buni o‘zini sabablari bor. Termometr havo haroratini o‘lchashi kerak, o‘zining haroratini emas. Quyosh tagida turadigan bo‘lsa o‘zining tagidagi temir kolbasi qiziydi va u o‘zining haroratini o‘lchaydi. U narsa qiziq emasku. Mashinani harorati boshqa, uning atrofidagi harorat boshqa. Bizda “butka”si bor. Butkani havo kirib turadigan maxsus joylari bor. Uning ichidagi havo atrofdagi havo bilan bir xil. Soyada turgani sababi mana shu havo haroratini ob’ektiv o‘lchash uchun.

Agar quyoshni tagida bo‘lsa, o‘zini haroratini o‘lchab yotaveradi. O‘lchash ishlari mana shunday maxsus standartlar bo‘yicha amalga oshiriladi. Butun dunyoda ishlar mana shunday ko‘rinishda olib boriladi. Nima uchun? Harorat bizda o‘lchanadimi, Angliyada o‘lchanadimi yoki Amerikada o‘lchanadimi farqi yo‘q, hamma joyda bir xil standart bir xil metod orqali o‘lchansa, ana shunda butun dunyodagi ma’lumot assimilyatsiya qilinib prognoz uchun ishlatiladi.

Agar hamma joyda bir xil standart bilan o‘lchansa, ertaga kompyuterga kiritilayotganda ham uning ustida ortiqcha noaniqlik degan narsa bo‘lmaydi. Shuning uchun hamma joyda bir xil standartda o‘lchanadi.

Ikkinchi sababi, bu prognozni o‘ziga tegishli. Bugungi kunda ilm-fanning taraqqiyoti juda ham oldinga chiqib ketdi. Lekin, shunga qaramasdan, tabiat shunday murakkabki, biz uni to‘liq yorita bera oladigan model ishlab chiqolmaymiz. Unaqa model yo‘q. Bizni tabiat haqidagi bilimlarimiz yetarli emas. Shuning uchun, har doim qandaydir noaniqlik bo‘ladi. Har qanday biz kiritayotgan prognoz matematikasida, fizikasida qandaydir kamchilik bo‘ladi. Biz bilmaymiz. Mana shuni hisobiga boshida ko‘zimizga ozgina bo‘lib ko‘ringan noaniqlik ikki soatdan so‘ng 5 foiz xatolik beradi, 4 soatdan so‘ng 10 foiz xatolik beradi. Vaqt o‘tishi bilan mana shu xatolik oshib boraveradi. Masalan, 7 kundan keyin berayotgan prognozimiz 50/50 bo‘lishi mumkin.

Buni sababi, u yoki bu odamning yomonligida emas. Buning sababi bilimlarimiz yetarli bo‘lmaganida. Metodlarimiz mukammal emas. Shuning uchun prognozlarimiz kamchiliklarga ega.

Uchinchi faktori, agar statistikani ko‘radigan bo‘lsak, yomg‘ir yog‘adi, yog‘maydi, harorat bunday bo‘ladi yoki unday bo‘ladi deb prognoz beriladi. Birinchi, ikkinchi va uchinchi kunlarni nazarda tutyapman, 90 foiz hollarda prognozimiz to‘g‘ri chiqadi. Lekin, odamlarni esida aynan o‘xshamagan, to‘g‘ri kelmagan holatlar qoladi. Eski kitoblarda ko‘rgan edim. Unda bunday yozilgan edi: “Har bir sinoptik bilishi kerak, har qancha yaxshi bo‘lishingdan qat’iy nazar odamlar qilgan bitta xatongni uzoq vaqt eslab yuradi”. Mana hozirgacha bu narsa aktual.

Keyin, yana bir narsani hisobga olish kerak. Toshkent katta joy. Biz yomg‘ir prognozini beramiz, Yunusobodda yog‘adi, Chilonzorda yog‘maydi. Chilonzorda turgan odam nima deydi, “aldadi” deydi. Yunusoboddagi, “ha, mayli to‘g‘ri chiqibdi” deydi. Yunusoboddagini esidan chiqadi, Chilonzordagini esida qoladi. Shuning uchun, bu yerda ko‘p faktorlar bor. Men sizga asosiy sababini ko‘rsatib o‘tdim.

F.N.: — Ulug‘bek sizga ma’lumotlar uchun, savollarga javoblar uchun rahmat aytib qolamiz. Ishonamizki, bu QALAMPIR.UZ'ni kuzatib boruvchilar uchun juda ham foydali bo‘ladi.
 

 

Maqola muallifi

Teglar

Ob-havo

Baholaganlar

87

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing