Evakuatsiyaning eng xavfli onlari: Qobul aeroportiga beshta raketa uchirildi

Olam

image

Bugun, 30 avgust kuni AQSH evakuatsiya operatsiyasining so‘nggi bir necha soatlarida Qobul aeroportiga beshta raketa otildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ularni Amerika havo mudofaa tizimi muvaffaqiyatli to‘xtatgan. Bu haqda CNN telekanali xabar berdi.

Ayni paytda bu zarbaning ortida kim turgani noma’lum, ammo “Xuroson islom davlati” terrorchilik guruhi shu tarzda kuchli ekanini ko‘rsatishga qaror qilgan, deya taxmin qilinmoqda.

AQSH rasmiylaridan biri, aeroportdagi C-RAM mudofaa tizimi bu raketalarni muvaffaqiyatli to‘xtatganini ta’kidladi.

“C-RAM mudofaa tizimi, raketalar, snaryadlar yoki minalarni yaqinlashgan vaqtda urib tushirishga mo‘ljallangan. Tizim aeroportga otilgan raketalarni aniqladi va yo‘q qildi”, degan rasmiy CNN telekanaliga bergan intervyusida.

Ta’kidlanishicha, bu reyd ortida kim turgani ham aniqlanmagan. Ammo taxminlar “Xuroson islom davlati” terrorchilik guruhini ko‘rsatmoqda. Chunki, ular avvalroq aeroportga kiraverishda dahshatli terrorchilik hujumini uyushtirgan, natijada juda ko‘p afg‘onistonliklar, shuningdek, 13 amerikalik askar halok bo‘lgan.

Qayd etilishicha, AQSHning dron zarbasi oqibatida kamida to‘qqiz nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Markaziy qo‘mondonlik qurbonlar haqidagi ma’lumotlarni o‘rganmoqda.

Rasmiylarning fikriga ko‘ra, AQSH evakuatsiya qilishning eng xavfli soatlariga yaqinlashyapti. Prezident Baydendan to amaldorlargacha “Xuroson islom davlati” terrorchilari evakuatsiyaning so‘nggi soatlariga yangi hujumlarni tayyorlab qo‘yganligini ta’kidlamoqda. 

Ma’lumot o‘rnida, AQSH va uning ittifoqchilari Afg‘onistondan 114 400 ga yaqin odamni, shu jumladan chet elliklar va himoyasiz afg‘onlarni evakuatsiya qildi. 

AQSH harbiylari 31 avgustda aeroportni tark etishlari kerak, shundan so‘ng Afg‘oniston “Tolibon” nazorati ostiga o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 avgust kuni AQSH kuchlari dron yordamida Qobulda portlovchi moddalari bo‘lgan mashinani yo‘q qilgandi. Hudkush-avtomobil ISHIDning Afg‘onistondagi shoxobchasi tomonidan terakt uyushtirish uchun tayyorlangani aytildi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHning raketa zarbasi oqibatida ikkita mashina, shuningdek ko‘p qavatli uy qisman vayron bo‘lgan. Hodisa oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

120

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing