Eshonobod qishlog‘i yanada obod va ko‘rkam qiyofa kasb etdi
O‘zbekiston
−
12085 2 daqiqa
Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi Eshonobod qishlog‘i ham “Obod qishloq” dasturi doirasida obodonlashtirildi.
Loyiha doirasidagi ishlar natijasida 3 mingga yaqin odam yashaydigan qishloqda ijtimoiy soha ob’ektlari, zamonaviy uy-joylar qurildi.

Yangi ob’ektlarni foydalanishga topshirish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar vakillari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalarining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchilari ham ishtirok etdi.

Qishloqning Fayzobod ko‘chasida zamonaviy mahalla markazi barpo etilgan bo‘lib, “Obod va xavfsiz mahalla”, “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyillari asosida fuqarolar bilan ishlash, ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi tizimni samarali joriy etish uchun barcha imkoniyat yaratilgan. Binoda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, uning o‘rinbosari va turli yo‘nalishlar bo‘yicha maslahatchilari, profilaktika inspektori o‘zaro uyg‘un va samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Shular qatorida mo‘’jaz kutubxona va mutolaa zali, tumandagi Xalq qabulxonasi, Davlat xizmatlari markazining shoxobchalari, 3-sektor shtabi, tibbiyot punkti, bank filiali kabi odamlarga xizmat qiladigan ob’ektlar tashkil etilgan.

Qishloqda yangi barpo etilgan madaniyat saroyida mashg‘ulotlarni boshlab yuborgan eshonobodlik san’atsevar yoshlar mehmonlarni o‘zlarining ijod namunalari bilan kutib oldi. 200 o‘rinli mazkur madaniyat va san’at o‘chog‘i ko‘p millatli qishloq yoshlarining musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’at, kompyuter texnologiyalari bilan mashg‘ul bo‘lishi uchun nihoyatda katta imkoniyatdir.
Tadbir ishtirokchilari bu yerda beshta muhim tashabbus, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yaratilgan sharoitlar, turli to‘garaklar, qishloq ahli va yoshlar uchun yaratilgan boshqa imkoniyatlar bilan tanishdi.

Bu xiyobon – O‘zbekiston va jahondagi eng nodir me’moriy obidalarning ixcham maketlarini o‘zida mujassam etgan. Shu kuni xiyobondagi amfiteatrda baxshi-jirovlarning aytishuvlari ham bo‘lib o‘tdi. “Ahillik” ko‘chasida qurilgan o‘tov ichi va atrofida ham qishloqdagi ko‘p millatli aholining ahil-inoq, totuv-hamjihat hayotidan hikoya qiluvchi o‘ziga xos do‘stlik muhiti hukm surdi. Mehmonlar o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik, rus va tatar millatlarining urf-odatlari, milliy taomlari, hunarmandlik va amaliy san’at namunalari bilan tanishdi.


Live
Barchasi