Ertaga Yevropa yetakchilari Prigojin isyonini muhokama qiladi
Olam
−
28 iyun 2023
6128Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari ertaga, 29 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan sammitda Rossiyada isyonga urinish atrofidagi vaziyatni muhokama qiladi. Bu haqda bugun, 28 iyun kuni Bryusselda YeI vakili jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Ertaga bo‘lib o‘tadigan sammitning birinchi sessiyasi Ukraina masalasiga, shuningdek, o‘tgan dam olish kunlaridagi voqealardan keyingi Rossiyadagi vaziyatga bag‘ishlanadi”, degan u.
Shu bilan birga, diplomat bu masala YeI sammitining rasmiy kun tartibiga kiritilmaganini, mos ravishda yakuniy hujjatga hech qanday eslatma qo‘shilmasligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 26 iyun kuni Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishining ham markaziy mavzusi Rossiyadagi isyonga urinish oqibatlari bo‘lgandi.
Prigojinning bir kunlik isyoni
Joriy yilning 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini talab qilib, Moskvaga borishini e’lon qildi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli harakatlarni to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi