Ertaga YeI Tashqi ishlar vazirlari Rossiyadagi voqealarni muhokama qilish uchun yig‘iladi

Olam

image

Ertaga, 26 iyun kuni Lyuksemburgda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining oylik yig‘ilishining markaziy mavzusi Rossiyadagi isyonga urinish oqibatlari bo‘ladi. Bu haqda bugun, 25 iyun kuni Belgiya Bosh vaziri Aleksandr De Kro Bryusselda Rossiya Federatsiyasidagi so‘nggi voqealarga bag‘ishlangan Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishidan so‘ng ma’lum qildi.

"Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojinning muntazam armiyaga qarshi allaqachon tugagan qo‘zg‘oloni bo‘lib o‘tgan Rossiyadagi vaziyat Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlarining Lyuksemburgdagi muhokamasi markazida bo‘ladi. Yig‘ilishda Belgiyadan Tashqi ishlar vaziri Aja Labib ishtirok etadi.”, degan De Kro.

O‘z navbatida, Labib jurnalistlarga kecha, 24 iyun kuni Rossiyadagi Belgiya elchixonasi bilan birgalikda u yerda yashovchi belgiyaliklar bilan bog‘lanish va ularning xavfsizligiga ishonch hosil qilish uchun bir qator aloqalar o‘rnatganini aytgan.

“Rossiyada 780 belgiyalik, mintaqada [Rossiya janubida] o‘nlab belgiyaliklar bor va biz ular bilan aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldik. Hozircha hammasi nazorat ostida", deya ta’kidlagan Belgiya TIV rahbari.

Ma’lumot uchun, Belgiya Tashqi ishlar vazirligi imkon qadar xorijdagi barcha vatandoshlarini konsullik hisobiga ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyotiga amal qiladi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab olgandi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini so‘ragan va Moskvagacha borishini bildirdi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli kuchlar harakatini to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Rossiyadagi isyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing