Ertaga Senatning navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi
Jamiyat
−
18 iyun 2020
8927Ertaga, 19 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshlaydi. Yalpi majlis videokonferensaloqa shaklida o‘tkaziladi.
Unda 16 ta masala, shu jumladan, 9 ta Qonun muhokama qilinadi.
“Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi, “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi to‘g‘risida”gi, “Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama qilinadi.
“2007 yil 27 iyundagi Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikdagi harbiy o‘quvlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi Bitimga qo‘shimchalar kiritish haqidagi Bayonnomani (Bishkek, 2019 yil 29 aprel) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Bo‘g‘uvchi, zaharli yoki boshqa shu kabi gazlar va bakteriologik vositalarning urushda qo‘llanilishini taqiqlash to‘g‘risidagi Protokolga (Jeneva, 1925 yil 17 iyun) qo‘shilishi haqida”gi qonunlari ham ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, Adliya vazirining O‘zbekiston Respublikasida 2019 yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti, qolaversa, Samarqand viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati, shuningdek, chiqindilar bilan bog‘liq masalalarda vujudga kelgan muammolar va ularning aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish masalasi ko‘rib chiqiladi.
LiveBarchasi