Ersin Tatar Nyu-Yorkka ketdi
Olam
−
16 iyul 6047 2 daqiqa
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) prezidenti Ersin Tatar BMT mezbonligida bo‘lib o‘tadigan Kipr bo‘yicha kengaytirilgan 5+1 norasmiy uchrashuvda ishtirok etish uchun kecha, 15 iyul kuni AQSHning Nyu-York shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
U Erjan aeroportida jurnalistlar bilan suhbatda SHKTR bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar, savdo va aloqa o‘rnatilishi uchun boshqa mamlakatlar bilan muzokaralar boshlanishi zarurligini aytgan. Shuningdek, Tatar Kipr Respublikasi tarafini ijobiy muhit yaratish o‘rniga tanglikni kuchaytirayotganlikda ayblagan.
Tatar Kipr turklarining suverenitetidan hech qachon voz kechmasliklarini bildirar ekan, Nyu-Yorkka tashrifining maqsadi Kipr turklarining huquq va manfaatlarini himoya qilish ekanini qayd etgan. Qolaversa, u BMTni Kiprdagi voqealarga tomoshabin bo‘lib qolayotgani uchun tanqid qilgan.
5+1 formatidagi norasmiy uchrashuv 16-17 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda Janubiy Kipr ma’muriyati rahbari Nikos Xristodulidis, Turkiya va Gretsiya Tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Buyuk Britaniyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri ishtirok etadi. Uchrashuvga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish mezbonlik qiladi.
Ma’lumot uchun, 5+1 – bu Kipr orolidagi siyosiy muammoni hal qilish uchun tashkil etilgan xalqaro muzokaralar shaklidir. Unda jami 6 tomon qatnashadi – Shimoliy Kipr (ya’ni Turk tomoni), Janubiy Kipr (ya’ni Rum tomoni), Turkiya, Gretsiya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT). Shu sababli bu format 5+1 deb ataladi. Bu besh asosiy tomon va bir vositachi (BMT) degani.
Bu muzokaralar Kipr orolidagi ikki asosiy jamiyat – turklar va rumlar (ya’ni yunonlar) o‘rtasidagi yillar davomida hal bo‘lmay kelayotgan muammoni yechish uchun o‘tkaziladi. 1974 yilda yuz bergan siyosiy to‘qnashuvlardan so‘ng orol ikki qismga bo‘lingan – shimoliy qismi hozirda faqat Turkiya tomonidan tan olingan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, janubiy qismi esa xalqaro maydonda tan olingan Kipr Respublikasi (ya’ni Rum tomoni).
Rum tomoni deganda, aynan shu Kipr Respublikasining janubiy qismi, ya’ni yunon millatiga mansub kiprliklar nazarda tutiladi. Ular Yevropa Ittifoqiga a’zo va xalqaro darajada tan olingan yagona rasmiy vakil sifatida ko‘riladi. Ammo Shimoliy Kiprdagi turklar o‘z suveren davlatlari borligini aytib, teng huquqli davlat sifatida tan olinishni talab qilmoqda. 5+1 uchrashuvlari aynan mana shu ikki tomon o‘rtasida yechim topish uchun uyushtiriladi.
Live
Barchasi