Eronning Janubiy Koreya bilan munosabatlari Prezident Yunning nutqi ortidan yomonlashdi
Olam
−
19 yanvar 2023
9551Janubiy Koreya Prezidenti Yun Suk Yolning Eronni Birlashgan Arab Amirliklarining dushmani deb atagani Islom respublikasining noroziligiga sabab bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” nashri Eron davlat matbuotiga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yun Suk Yol shu hafta boshida Abu-Dabida joylashgan Janubiy Koreya qo‘shinlari bilan suhbatda Janubiy Koreya va BAA “juda o‘xshash” sharoitda ekanini, ularning har biri Shimoliy Koreya va Eronga “dushman, eng katta tahdid” sifatida qarashini aytgan. Uning so‘zlari Seul va Tehron o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashishiga turtki bo‘ldi.
Manbalarga ko‘ra, Eron tashqi ishlar vazirining huquqiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rizo Najafi kecha, 18 yanvar kuni Janubiy Koreya elchisi Yun Kang Xyonni chaqirtirib, Yunning “intervensionistik so‘zlari”ga norozilik bildirgan. Najafi Eronning Fors ko‘rfazidagi aksariyat mamlakatlar bilan chuqur ildiz otgan do‘stona munosabatlariga ishora qilib, Yunning bunday izohlarini “mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka putur yetkazadi” deb ta’riflagan.
“Janubiy Koreyaning qayd etilgan muammolarni hal qilish uchun samarali choralar ko‘rmagani Eronni o‘z munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga olib keladi”, degan Najafiy.
Yun ma’muriyati uning yuqoridagi so‘zlarini izohlab, askarlarni rag‘batlantirish maqsadida aytilganini ma’lum qilgan. Janubiy Koreya muxolifati esa voqeani “diplomatik falokat” deb qoralagan. Hatto Yunning o‘z partiyasidan chiqqan ba’zi deputatlar ham Prezidentni ehtiyotkorroq bo‘lishi kerakligini aytgan.
Ma’lumot uchun, Janubiy Koreya bir paytlar Eronning Osiyodagi eng yirik xomashyo xaridorlaridan biri bo‘lgan. Biroq AQSH sanksiyalari ostida Eronning qariyb 7 milliard dollarlik mablag‘lari Janubiy Koreya banklarida muzlatib qo‘yilgani aloqalarni yomonlashtirgan. Shuningdek, Eron va Shimoliy Koreya o‘rtasida qurol savdosi bo‘lgani haqidagi gumonlar ham “olovga moy sepgan”.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi