Eronning 16 viloyatida afg‘onlarga yashash taqiqlandi

Olam

image

Eron hukumati afg‘on fuqarolarining mamlakatning 16 viloyatiga kirishini to‘liq taqiqlaganini e’lon qildi. Bu haqda “Iranintl” sayti xabar berdi.

Kirmonshoh viloyatining Fuqarolik va chet el fuqarolari masalalari bo‘yicha bosh direktori Hamza Sulaymoniy joriy yilning 3 dekabr kuni yangi chiqarilgan ko‘rsatmaga ko‘ra, hozirda viloyatlarda, jumladan, Kirmonshohda afg‘on fuqarolarini kiritish va ishga joylashtirish taqiqlanganini tasdiqladi.

Kirmonshohda ruxsat etilmagan fuqarolarni aniqlash, hibsga olish va deportatsiya qilish bo‘yicha sakkiz bosqichni o‘z ichiga olgan ko‘rsatma yil boshidan (21 mart) beri davom etmoqda.

“Ko‘p sonli uy-joy qurilishi loyihalari, issiqxonalar, otxonalar va chorvachilik fermalari reja bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazildi, bu esa afg‘on ishchilarining hibsga olinishi va viloyatdan haydalishiga olib keldi”, deydi Sulaymoniy.

Shuningdek, u, ushbu shaxslarga ish beruvchilar ham hibsga olingani haqida xabar berib, ko‘rilgan choralarning jiddiyligini qayd etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, asosan milliy ozchiliklar (ozarbayjonlar, kurdlar, baluchlar) istiqomat qiladigan Sharqiy va G‘arbiy Ozarbayjon, Ardabil, Zanjon, Kurdiston, Gilon, Mozandaron, Siston va Balujiston kabi yirik viloyatlarda afg‘onlar yashay olmaydi.

Bir vaqtning o‘zida Prezident Ibrohim Raisiy ma’muriyatining Ichki ishlar vaziri Ahmad Vohidiy Eronda "noqonuniy" yashayotgan 400 000 ga yaqin muhojirlar chiqarib yuborilganini ma’lum qildi. Biroq ularning qaysi mamlakat fuqarosi ekani va o‘z vataniga qaytish muddati haqida ma’lumot berilmagan.

Oktyabr oyida Eronda afg‘on muhojirlariga nisbatan ta’qiblarni to‘xtatishni talab qilib, 540 dan ortiq san’atkorlar, huquqshunoslar, shifokorlar, jurnalistlar va boshqa faollar miting o‘tkazgandi. Xalqaro Amnistiya inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti, ayniqsa, afg‘on ayollari va qizlari faqat jinsiga qarab ta’qib va zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan jiddiy xavflar haqida ogohlantirdi.

Shu yilning 29 noyabridan 3 dekabrigacha 16 ming afg‘on qochqin Erondan deportatsiya qilingan edi.

Eron parlamenti tadqiqot markazi ekspertining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda afg‘on qochqinlari chegaradan oqib o‘tmoqda, ularning umumiy soni hozirda olti-yetti millionni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston va Eron o‘zaro mahbuslarni almashgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Afg'onlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing