Eronliklarga suv zaxirasini to‘plab qo‘yish tavsiya qilindi
Olam
−
08 noyabr 2025 5461 2 daqiqa
Eron hukumati suv tanqisligi inqirozi fonida kechasi ba’zi vaqtlarda suv ta’minotini vaqtincha o‘chirib qo‘yishga majbur bo‘lishi mumkin. Shu sababli aholiga suv zaxirasini yig‘ib qo‘yish tavsiya etilmoqda. Bu haqda Eron Energetika vaziri Abbos Aliabodiy ma’lum qildi.
“Ehtimol, kechasi, odamlar uxlayotgan va suv iste’moli kamaygan paytlarda, suv bosimini nol darajagacha tushirishga majbur bo‘lamiz... Odamlarni suv saqlash uchun idishlar o‘rnatishga chaqiraman. Agar ular buni qilsalar, balki suv uzilishlarini umuman sezmay qolishar”, deydi vazir.
Aliabodiyning aytishicha, mamlakatdagi shahar suv ta’minoti tarmoqlari 100 yildan ortiq vaqt davomida foydalanib kelinadi va shu davr mobaynida eskirgan. Unga ko‘ra, vaziyatni joriy yilning iyun oyida Isroil tomonidan Eronga uyushtirilgan hujumlar yanada og‘irlashtirgan. O‘sha paytda quvur tarmog‘i zarar ko‘rgan, biroq bosimni kamaytirish va binolarga suv nasoslarini o‘rnatish orqali suv yo‘qotilishining bir qismini oldini olishga muvaffaq bo‘lingan.
Tehron viloyati suv ta’minoti kompaniyasi bosh direktori Behzod Parsaning ogohlantirishicha, poytaxtni ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan besh asosiy suv omboridan biri – Amir Kabir omboridagi suv zaxirasi ikki haftadan ham kamroq vaqtga yetadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon suv inqirozi poytaxtda yog‘ingarchilikning yo‘qligi sababli yanada og‘irlashganini aytib, agar noyabrning uchinchi o‘n kunligigacha yomg‘ir yog‘masa, shaharni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelishini ma’lum qilgandi.