Eronlik futbolchilar xoinlikda ayblandi (video)
Sport
−
10:20 13978 2 daqiqa
Eron davlat televideniyesi yangiliklar boshlovchisi Muhammad Rizo Shahboziy mamlakat ayollar futbol terma jamoasini Osiyo kubogi o‘yinidan oldin davlat madhiyasini kuylamagani uchun “xiyonat”da aybladi. Bu haqda “Thairath” nashri xabar berdi.
Joriy yilning 2 mart kuni Eron ayollar terma jamoasi futbolchilari Osiyo kubogi doirasidagi o‘yinda Janubiy Koreyaga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lishdan oldin davlat madhiyasini kuylashdan bosh tortgan edi. Shundan so‘ng teleboshlovchi Shahboziy ularni keskin tanqid qilib, “xoinlar” deb atagan.
Mazkur voqea Ali Xomanaiyning o‘limi haqidagi xabarlar tarqalganidan atigi 48 soat o‘tib sodir bo‘lgani sababli mamlakatda yanada katta rezonans uyg‘otgan.
Keyingi o‘yinda esa Eron futbolchilari Avstraliyaga qarshi bahs oldidan davlat madhiyasini baland ovozda kuylab, harbiy uslubda salom berishdi. Uchrashuvda eronliklar 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lishdi.
Hodisadan so‘ng Shahboziy X platformasida video e’lon qilib, urush davrida madhiyani kuylamaganlarni keskin qoraladi.
“Urush davridagi xoinlarga nisbatan qattiqroq choralar ko‘rish kerak. Davlat madhiyasini kuylamasdan maydonga tushish eng sharmandali va vatanparvarlikka zid harakatdir. Jamoatchilik ham, amaldorlar ham bunday shaxslarga urush davridagi xoinlar sifatida munosabatda bo‘lishi kerak”, deydi u.
Shuningdek, u bunday futbolchilar “uyat va xiyonat tamg‘asi bilan esda qolishi kerak”ligini ta’kidlagan.
Mahalliy manbalarga ko‘ra, eronlik futbolchilar hozircha ommaviy axborot vositalariga intervyu berishdan bosh tortmoqda. Ular o‘yinlar haqidagi majburiy izohlardan tashqari boshqa savollarga javob bermayapti. Shuningdek, mamlakatda internetga cheklovlar joriy etilgani sababli ayrim futbolchilar oilalari bilan ham bog‘lana olmayotgani aytilmoqda.
Eron turnirning so‘ngi turida Filippinga 0:2 hisobida yutqazdi va musobaqani tark etdi.
Turnir tashkilotchilari esa futbolchilar xavfsizligini ta’minlash masalasida Avstraliya Ichki ishlar vazirligi bilan muzokaralar olib borayotgani ma’lum qilindi.
Live
Barchasi