Eronga qarshi operatsiya AQSHga 100 mlrd dollarga tushdi – Aroqchi
Olam
−
01 may 1708 2 daqiqa
Qo‘shma Shtatlar Eronga berilgan zarbalar uchun taxminan 100 milliard dollar sarflagan, Amerika xalqi uchun bilvosita xarajatlar esa bundan ham ko‘proq. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
“Pentagon yolg‘on gapiryapti. Netanyaxuning sarguzashti Amerikaga allaqachon 100 milliard dollarga tushdi, bu e’lon qilingan summadan to‘rt baravar ko‘p demakdir. Amerikalik soliq to‘lovchilar uchun bilvosita xarajatlar ancha yuqori. Har bir amerikalik oila uchun oylik hisob-kitob 500 dollarni tashkil etmoqda va bu ko‘rsatkich tez sur’atlar bilan o‘syapti”, deydi Aroqchi.
Vazir “Avval Isroil” tamoyili “Amerika oxirgi navbatda” deganini anglatishini ham qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Mudofaa vazirining moliya bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Juls Xerst Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi harbiy operatsiya uchun taxminan 25 milliard dollar sarflaganini ma’lum qilgan edi. U bu raqamlar dastlabki baholar ekanligini bildirgan.
AQSH va Isroil 28 fevral kuni Eronga qarshi urush boshlagandi. 7 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasi bilan ikki haftalik o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish rejimini e’lon qildi. Eron tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, 40 kunlik urush davomida Amerika-Isroil zarbalari oqibatida 3 375 nafar Eron fuqarosi halok bo‘lgan. 11 aprel kuni Tehron va Vashington Islomobodda muzokaralar o‘tkazdi, biroq tomonlar qator ziddiyatlar tufayli nizoni uzoq muddatli tartibga solish bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi. 21 aprel kuni Tramp Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish niyatida ekanligini bildirdi. Eron davlat televideniyesi xabariga ko‘ra, Tehron Vashington tomonidan bir tomonlama e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirishni tan olmoqchi emas va o‘z manfaatlaridan kelib chiqib ish tutadi.
Live
Barchasi