Erondagi yadroviy inshootdan radiatsiya sizib chiqdi – MAGATE

Olam

image

Eronning Natanz shahridagi uranni boyitish bo‘yicha asosiy inshoot Isroilning kecha, 13 iyun kuni bir kecha-kunduzda uyushtirgan hujumlaridan so‘ng alfa-zarracha nurlanish chiqardi. Bu haqda Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossi ma’lum qildi.

Uning aytishicha, Natanz inshooti tashqarisidagi radiatsiya darajasi o‘zgarishsiz qolgan.

”Ob’ekt ichidagi radioaktiv ifloslanish turi, asosan alfa zarralari, tegishli himoya choralari bilan nazorat qilinishi mumkin”, dedi Grossi.

Eron Atom energiyasi tashkiloti rahbari Muhammad Islomiy, o‘z navbatida, Isroil hujumlari Natanzdagi inshootga jiddiy zarar yetkazmagani yoki radiatsiya sizib chiqishiga olib kelmaganini da’vo qilmoqda.

“Yaxshiyamki, zarar yer darajasida bo‘lgan va bizda qurbonlar yo‘q. Shuningdek, aholini xavotirga solishi mumkin bo‘lgan radiatsiya oqishlari ham kuzatilmagan. Hozirda yetkazilgan zararni baholayapmiz”, dedi u.

Avvalroq Eronning Isfaxon viloyati gubernatori xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Akbar Solihiy Natanzda yadroviy zaharlanish haqida xabarlar yo‘qligini ma’lum qilgandi.

Grossining ta’kidlashicha, davlatlar o‘rtasidagi vaziyat yoki munosabatlardan qat’i nazar, yadroviy inshootlarga “hech qachon hujum qilinmasligi kerak”.

“Bunday hujumlar Yer aholisiga ham, atrof-muhitga ham zarar etkazishi mumkin. Bunday hujumlar yadroviy xavfsizlik, xavfsizlik va kafolatlar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro tinchlik va xavfsizlik uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi”, dedi MAGATE rahbari.

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni etib tayinlangan Muhammad Pakpur 13 iyun kuni o‘zidan oldingi qo‘mondon Husayn Salamiyning o‘limiga sabab bo‘lgan Isroil zarbalariga javoban “do‘zax eshiklarini” ochish bilan tahdid qildi. Umuman olganda, Isroilning 13 iyunga o‘tar kechasi boshlangan yirik zarbalari Eronning 20 ga yaqin yuqori martabali harbiy rahbarlari va asosiy yadroviy olimlarining hayotiga zomin bo‘ldi.

Isroil tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan keng ko‘lamli hujumlardan so‘ng, Eron Isroilga qarshi o‘z javob zarbalarini yo‘lladi. Eron harbiy kuchlari tomonidan Isroil hududiga qarata 200 dan ortiq dron va ballistik raketalar uchirilgan. Isroil Mudofaa kuchlari ushbu zarbalarni tasdiqlagan va havo mudofaa tizimlari zudlik bilan ishga tushirilgan. SAXAL rasmiy bayonotida aytilishicha, Isroil havo mudofaasi katta miqdordagi hujumchi dron va raketalarni tutib qolishga muvaffaq bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan va 10 dan ortiq kishi jarohat olgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Eron MAGATE Isroil Rafael' Grossi Natanz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing