Erondagi operatsiya tez orada yakunlanadi – Tramp
Olam
−
08:58 2232 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan bog‘liq harbiy operatsiya yaqin haftalarda yakunlanishini ma’lum qildi. Bu haqda u NBC News nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning aytishicha, AQSH o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishgan va operatsiya yana taxminan 2–3 hafta davom etadi, shundan so‘ng AQSH kuchlari hududni tark etadi.
“Biz yana ikki-uch hafta davom etamiz, keyin chiqib ketamiz, chunki bunga boshqa sabab yo‘q”, degan Oq uy rahbari.
Tramp shuningdek, Eronda hokimiyat almashganini aytdi. Unga ko‘ra, AQSHning asosiy maqsadi rejimni o‘zgartirish emas, balki Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan va bu maqsadga erishilgan.
“Rejim almashinuvi mening maqsadim emas edi. Menda bitta maqsad bor edi – ularda yadro quroli bo‘lmasligi. Va bu amalga oshdi”, degan Tramp.
U hozirda Eron bilan muzokaralar olib borilayotganini ham qo‘shimcha qilgan.
Bundan tashqari, Tramp AQSH Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyatga aralashmasligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa davlatlar, masalan, Fransiya o‘zlari bu hudud orqali neft va gaz tashishni mustaqil hal qilishi mumkin.
“Biz tez orada chiqib ketamiz. Kim neft yoki gaz olishni istasa, o‘zi o‘tadi va o‘zini o‘zi himoya qiladi. Biz bu masalaga aralashmaymiz”, degan Oq uy rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti ma’muriyati vakillariga tayanib, “The Wall Street Journal” nashri Donald Tramp o‘z yordamchilariga AQSHning Eronga qarshi harbiy kampaniyasini, hatto Hormuz bo‘g‘ozi yopiq qolgan taqdirda ham yakunlashga tayyorligini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi