Tramp Hormuz yopiq qolsa ham urushni tugatmoqchi – OAV

Olam

image

Prezident Donald Tramp o‘z yordamchilariga AQSHning Eronga qarshi harbiy kampaniyasini, hatto Hormuz bo‘g‘ozi yopiq qolgan taqdirda ham yakunlashga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda Prezident ma’muriyati vakillariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Tramp va uning maslahatchilari Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha operatsiya belgilangan to‘rt-olti haftalik muddatdan chiqib ketishi mumkin degan xulosaga kelgan. Prezident AQSH o‘z asosiy maqsadlariga – Eron flotini zaiflashtirish va raketa dasturini yo‘q qilishga erishishini istamoqda.

Shundan so‘ng, WSJ yozishicha, Tramp joriy harbiy harakatlarni to‘xtatishni va shu bilan birga Tehronga erkin savdoni qayta tiklash uchun diplomatik bosim o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Agar bu ish bermasa, Vashington Yevropa va Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilari bo‘g‘ozni ochishda yetakchi rolni o‘z zimmalariga olishlariga harakat qiladi.

Tramp va uning jamoasi Hormuz bo‘g‘ozi AQSHdan ko‘ra Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo mamlakatlari uchun ancha muhimroq deb hisoblashadi. Bir necha hafta davomida Vashington ma’muriyati vakillari ittifoqchi va sheriklarga bo‘g‘oz ochilishini ta’minlaydigan muzokaralar yoki operatsiyalarga tayyorgarlik ko‘rish iltimosi bilan murojaat qilgan.

Kecha, 30 mart kuni Tramp AQSH Erondagi harbiy amaliyotlarni to‘xtatish bo‘yicha “yangi va oqilonaroq rejim” bilan jiddiy muzokaralar olib borayotganini aytgan va agar Hormuz bo‘g‘ozi zudlik bilan ochilmasa, yana bir bor “Eron elektr stansiyalarini yer yuzidan supurib tashlash” bilan tahdid qilgan. “The Wall Street Journal” eslatishicha, mintaqaga allaqachon 31-dengiz piyodalari ekspeditsiya korpusi kirib kelgan. Shuningdek, u yerga 82-havo-desant diviziyasi bo‘linmalari tashlangan, bundan tashqari, Tramp yana 10 ming harbiyni yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt 30 mart kuni jurnalistlarga AQSH Hormuz bo‘g‘ozidagi operatsiyalarni normallashtirish ustida “ishlayotganini” aytdi, biroq buni asosiy harbiy maqsadlar – Eron floti, raketa dasturi va yadroviy salohiyatiga zarba berish qatorida sanamagan. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham shu kuni Amerika kampaniyasi bir necha hafta ichida yakunlanishini bildirdi. 

“Shundan so‘ng biz Hormuz bo‘g‘ozi muammosiga duch kelamiz va qaror qabul qilish Eronning ixtiyorida bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp operatsiyalar oqibatida Eron rejimi allaqachon o‘zgargani va yangi rahbarlar tayinlanganini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Hormuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing