Erondagi namoyishlar fonida internet to‘liq o‘chirildi

Olam

image

Eronda 12 kundan beri davom etayotgan ommaviy norozilik chiqishlari fonida internet segmentidagi trafik butunlay o‘chirildi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari niqob taqqan namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. OAV tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, faollar joylagan videolarda Tehronda yonib turgan politsiya avtomobillari ham ko‘rinadi. Shuningdek, Mashhad, Kirmonshoh va boshqa yirik shaharlarda ham ommaviy noroziliklar qayd etilgan.

Britaniyaning “NetBlocks” tashkiloti Eron hukumati aholiga internetdan foydalanishni to‘liq cheklaganini ma’lum qilgan. Mamlakat “deyarli umumxalq internet uzilishi” holatiga tushgan. Cloudflare IT-kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 8 yanvar kuni Erondagi internet-trafik qariyb 90 foizga kamaygan.
Taxminlarga ko‘ra, internetdan erkin foydalanish faqat mansabdorlar va kuch tuzilmalari vakillarida saqlanib qolgan.

AQSH Prezidenti Donald Tramp “Salem News Channel” telekanaliga bergan intervyusida Tehron rahbariyatiga nisbatan avval aytilgan tahdidlarini yana takrorlagan. Uning aytishicha, agar Eron hukumati namoyishchilarni o‘ldirishni boshlasa, AQSH keskin choralar ko‘radi. Tramp eronliklarni “jasur xalq” deb atagan va uning ma’muriyati vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini bildirgan.

Norvegiyaning “Iran Human Rights” (IHR) tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, noroziliklar boshlanganidan beri kamida 45 nafar namoyishchi halok bo‘lgan, ular orasida sakkiz nafar voyaga yetmaganlar ham bor. 

Ma’lumot uchun, mamlakatda ommaviy namoyishlar 28 dekabrdan buyon davom etmoqda. Ular Tehrondagi markaziy bozorda boshlangan bo‘lib, ko‘plab do‘kon egalari giperinflyatsiya va narxlarning keskin oshishiga norozilik sifatida savdo shoxobchalarini yopgan.

29 dekabr kuni Eron milliy valyutasi – riyal tarixiy minimum darajaga tushdi: bir riyal taxminan 0,00002 yevroga teng bo‘ldi. Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, oktyabr oyida Eronda oziq-ovqat inflyatsiyasi 64,2 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatni antireytingda faqat Janubiy Sudan ortda qoldirgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 8 yanvar kuni Eron poytaxti Tehron yaqinida yashash xarajatlarining ortishi  bilan bog‘liq noroziliklar vaqtida  politsiya xodimi pichoqlab o‘ldirilgandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Eron internet

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing